Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri: 'Qora kuchlar bizga qarshi urush e‘lon qilishgan'

Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev rasmiy murojaat bilan chiqib, qora kuchlar o‘zlariga qarshi urush e‘lon qilishganini aytgan. Va u bu tahdidning radikal-ekstremistik ruhda ekanini bildirgan.

"Yaqinda Bishkekda portlovchi moddalar va qurol-yarog‘larning topilishi, Sport saroyi tashqarisidagi portlash, Bishkek IIB yaqinida minalangan mashinaning tashlab ketilishi, O‘shdagi so‘nggi amaliyotlar va uch nafar militsiya xodimining o‘ldirilishi qo‘poruvchi kuchlarning ahdlari qat‘iy va hech narsadan qaytmasliklarini ko‘rsatadi," deb aytgan Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri.

Ammo vazir janoblari aynan kimlarni nazarda tutayotgani, o‘zi aytmoqchi, qora kuchlarning aynan kim ekanliklariga to‘xtalib o‘tmagan.

Lekin ularning eng avvalo Qirg‘iziston huquq-tartibot xodimlariga qarshi urush ochganliklarini bayon qilgan.

Qirg‘iz vaziri, o‘z navbatida, ularning da‘vatini qabul qilishga shay ekanliklari va shart-sharoit talab qilgan darajada shafqatsiz yo‘l tutishlarini ham bildirgan.

Janob Risaliyevga ko‘ra, bunday xavfli jinoyatchilar topiladi, jazolanadi va kerak bo‘lsa, yo‘q qilinadi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri aholiga ham murojaat qilib, bu yo‘lda o‘zlari ko‘rayotgan chora-tadbirlarga tushunish bilan yondashishlarini ham so‘ragan.

Hamda "Xavfsiz poytaxt" dasturini yanada kuchaytirilgan tartibda amalga oshirishda davom etishlarini bildirgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri mazkur dastur doirasida spirtli ichimliklar savdosining cheklanishi, qimorxonalar, xususiy mehmonxonalar va islovatxonalar ustidan nazoratni kuchaytirish uchun maxsus choralar ko‘rilishiga undashlarini ham aytgan.

Vazir janoblariga ko‘ra, bu - mamlakat xavfsizligini ta‘minlash va ijtimoiy tartibni ta‘minlash uchun muhim.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi keltirgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yil aprel oyidan buyon o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytda 10 dan ortiq militsiya xodimlari o‘ldirilgan.

O‘tgan kuni Bishkekda operativ-qidiruv amaliyotlarini olib borayotgan uch nafar militsiya xodimi noma‘lum qurolli shaxslar tomonidan otib o‘ldirilgandi.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining bildirishicha, ular o‘tgan yilning 25 dekabr kuni Bishkek IIB tashqarisida avtomashinani portlatishga uringan va 30 noyabr kuni esa, poytaxtdagi Sport saroyi yonida terrorchilik amaliga qo‘l urgan shaxslardir.