Qozog‘istonning Yangi yildan umidlari qanday?

Image caption Osiyo O‘yinlari Qozog‘istonda 2011 yili bo‘lib o‘tadigan muhim hodisalardan biri sifatida ko‘rilmoqda va tayyorgarlik jadal sur‘atlarda ketmoqda.

Kirib kelgan melodiy 2011 yilda Qozog‘istonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Prezident Nazarboyev tomonidan rad javobi berilgan bo‘lishiga qaramay o‘tkazilish ehtimoli saqlanib qolayotgan referendum uni yana 10 yil qudratda olib qolishi mumkin.

2010 yilda OXHT ga raislik qilgan Qozog‘iston bu yil Islom konferentsiyasi tashkilotiga raislik qiladi.

Mamlakat tarixiga muhim tadbir bo‘lib kirishi kutilayotgan Qishki Osiyo o‘yinlari Qozog‘iston ham ilk bor o‘ngimizdagi yilda o‘tkaziladi

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 2010 yil Qozog‘iston uchun yengil kelmadi. Mamlakat nufuzli hisoblanadigan Ovro‘pada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga raislik qildi.

Uzoq va mashaqqatli muzokaralardan so‘ng ushbu tashkilotning oxirgi 11 yildagi ilk sammitini o‘tkazishning uddasidan chiqishdi.

Qozog‘istonda ko‘pchilik istamagan bo‘lsa-da, Rossiya, Belorus, Qirg‘iziston doxil bojxona ittifoqiga qo‘shildi.

2011 yilda ham qozig‘istonliklar uchun muhim o‘zgarishlar bo‘lishining shamoli hozirdan esa boshlagan.

Bu yil prezident Nazarboyevning qudratda 2020 yilgacha saylovlarsiz qolishi uchun referendum o‘tishi bilan esda qolishi mumkin.

Garchi Nazarboyevning o‘zi referendumga qarshi ekanligini aytgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston qonunlari bo‘yicha ushbu tashabbusni parlamentdagi deputatlarning 5 dan 4 qismi qo‘llab quvvatlasa Prezident vetosi o‘z kuchini yo‘qotadi.

G‘oya tashabbuskorlari 10 yanvargacha referendum o‘tkazishini qo‘llab quvvvatlovchi 4 million imzo yig‘ishning uddasidan chiqishini aytmoqda. Keyin ushbu taklif parlamentga taqdim etishlarini aytmoqdalar.

Image caption 2011 yili prezident Nazarbovning muddatini 2020 yilga qadar uzaytirishni ko‘zda tutgan referendum o‘tkazilishi ehtimoli ham bor.

“Ekspert Qozog‘iston” jurnali bosh muharriri Nikolay Kuzminga ko‘ra, referendumdan tashqari Qozog‘iston siyosiy hayotida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmasligi mumkin.

“Men Qozog‘iston ichki siyosatida biror kutilmagan holat bo‘ladi deb, o‘ylamayman. Individul boshqaruvga asoslangan tizimga qarshi turish tizimini yaratishda davom etiladi. Bizda haqiqiy qarshi turish tizimi bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu narsani amalga oshirishi kerak bo‘lgan institutlar bezak uchun qurilgan xolos”, - deydi Nikolay Kuzmin.

Ekspertga ko‘ra, mamlakat boshqaruvidagi kadrlar almashinuviga muhtojlik bor. Shuning uchun qandaydir jabhalarda kadrlar almashinuvi bo‘lishi mumkin. Ammo hukumatda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmasligi mumkin.

"Bosh vazirni ishdan olmasliklari mumkin. Karim Masimovdan boshqa Qozog‘istonning strategik rivojlanishi borasida umumiy qarashlarini bildira oladigan muqobil shaxs bo‘lmasligi mumkin. Nafaqat shunchaki qarashlar balki, bu fikrlar Nazarboyevning nuqtai nazari bilan ham uyg‘un bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham o‘zgartirishlar shunchaki texnik xarakterga ega bo‘lishi mumkin", deydi “Ekspert Qozog‘iston” jurnali bosh muharriri Nikolay Kuzmin.

2010 yili Qozog‘iston jahon inqirozi davrida o‘zining iqtisodini ushlab qolishni uddasidan chiqa oldi. Qozog‘istondan Ovro‘pa va Xitoyga eksport qilinadigan tabiiy boyliklar iqtisodning barqaror bo‘lishida katta rolь o‘ynadi.

Iqtisodchi Bo‘lat Husainovga ko‘ra, tabiiy boyliklar iqtisodning o‘sishida alohida rol o‘ynagan.

Ammo bu omillar kelajakda Qozog‘iston uchun bosh og‘riq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham iqtisodchi 2011 yilda iqtisodiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutmoqda.

“Tabiiy boyliklardan kelayotgan mablag‘ odamni quvontiradi. Biroq makro iqtisod muvafaqqiyatlari ortidan Qozog‘iston iqtisodida o‘ta jiddiy muammolar kuzatiladi. Biz hali ham importchi davlatmiz. Bu inflyatsiyani keltirib chiqaradi, turmush kechirish qimmatlashadi. Biz milliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilib, raqobatbardosh maxsulotlar ishlab chiqarishimiz kerak. Raqobatbardosh tashkilotlar, maxsulot va sanoatsiz raqobatga chiday oladigan davlat bo‘lmaydi. Afsuski, bu narsalarga yetishish oson emas”,- deydi Bo‘lat Husainov.

2011 yil yanvardan boshlab Qozog‘istonda nafaqalar 30 foizga oshirildi. Nafaqalarni o‘tgan yili ham bir oz ko‘tarishgandi. Ammo prezident Nazarboyevning va‘da berishicha, nafaqalar bu yil yarim barobar ko‘tarilishi mumkin.

“2011 yilda asosiy nafaqa to‘lovlari eng kam ish haqining 50 foiziga oshadi”, - deydi prezident Nazarboyev.

Biroq qariyalar nafaqalarning oshishidan unchalik xursand bo‘lishmayapti. “Avlod” harakatining rahbari Irina Sabostina sabablarini quyidagicha izohlaydi.

"Prezident nafaqalar oshsin, deb chiqish qilishi bilan narxlar ko‘tariladi. Ushbu nafaqa yetib kelgunga qadar uning qadri qolmaydi", deydi Irina Sabostina.

2011 yilda rasmiylar tomonidan muhim deb aytilayotgan Qozog‘istonning Islom konferentsiyasi tashkilotiga raislik qilishi kutilmoqda. Ushbu tashkilot 57 davlatni birlashtiradi va musulmonlarning nuqtai nazarini xalqaro miqyosda bildirishda o‘z o‘rniga ega.

Biroq Markaziy Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari ittifoqi prezidenti Murat Telibekovga ko‘ra, ushbu tashkilotning biror bir voqeilikka ta‘sir o‘tkaza oladigan kuchi yo‘q. Qozog‘istonning bunday tashkilotga raislik qilishi esa hech narsani anglatmaydi. Ammo ikkinchi tomondan o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarga rad javobini berish orqali Qozog‘iston musulmon olamidagi obro‘sini yo‘qotishi mumkin.

“Bu lavozimga o‘tiradigan Qozog‘iston siyosiy va boshqa sabablar bilan quvilganlarga joy berish orqali o‘zining demokratik imidjini ko‘tarib olishi mumkin edi. Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi demokratik orol bo‘lishi mumkin edi. Bunga qandaydir harakatlar ham bo‘ldi. Ammo o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarga berilgan rad javobiga o‘xshash beqaror qarorlar davlatning obro‘siga salbiy ta‘sir qildi”, - deydi Murat Telibekov.

2011 yilda Qozog‘istonda ilk bor Qishki Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ostona va Olma ota shaharlarida sportning 11 turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Unda 65 medallar shodasi uchun kurash bo‘lishi kutilmoqda. Qishki o‘yinlarda Osiyoning 30 yaqin davlati ishtirok etadi. Olma ota va Ostona ko‘chalari ushbu sport tadbiri moslab bezalgan. Shaharlar mehmonlarni kutib olishga qattiq tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rish mumkin.