Сўнгги янгиланиш 10 январ 2011 - 14:52 GMT

Qozog‘iston hibsxonasidagi o‘zbek mahbuslarning sog‘ligi yomonlashgan

Ayollar turmush o‘rtoqlarining O‘zbekistonda diniy e‘tiqodlari uchun ta‘qib etilganliklarini aytishadi

Olma-Ota shahar 1-son tergov izolyatorida saqlanayotgan 14 nafar boshpana izlovchilaridan ayrimlarining sog‘liqlari yomonlashgan.

Bu haqda Bi-bi-siga ularning yaqinlari ma‘lum qilishgan.

Yaqinlariga ko‘ra, ularning biri yurak huruji kechirgan.

Shu munosabat bilan Qochqinlarni qutqarish qo‘mitasi Qozog‘iston rahbariyatiga maktub bilan murojaat qilgan.

Hibsxona ma‘sullari Bi-bi-siga mahbuslar sog‘ligini o‘rganayotganliklarini bildirishgan.

Qashqadaryolik boshpana izlovchi Otabek Sharipov yurak hurujidan hushidan ketib qolgan.

“Hushidan ketib qolgan, 4-5 kishi bo‘lib do‘xtirlarning oldiga olib borishgan. Ukol qilganidan keyin o‘ziga kelganu, ammo o‘rnidan turolmay qolgan. Boshi aylanib, holsiz bo‘lib yotib qolgan. Advokat Igo Pan oldiga kirganida ham uning ko‘z o‘ngida ikki marta hushidan ketib qolgan. Advokat ham ahvolining yomonligini aytdi”,- deydi Otabekning turmush o‘rtog‘i Nilufar Norqobilova.

Nilufar Norqobilovaning qo‘shimcha qilishicha, turmush o‘rtog‘i bolalikdan poliamelit xastaligi bilan og‘riydi, ikkinchi guruh nogironi. Telefon orqali suhbatda o‘ng og‘ining tizzadan past qismi umuman ishlamay qolganini bildirgan.

O‘zbekistonda diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblangan Otabek 3 yil O‘zbekiston xibsxonalarida ham o‘tirib chiqqan. Qamoqxonadan bel churrasi va boshiga to‘qmoq bilan urish oqibatida miya tomirlarida qon uyulishi tashxislari bilan chiqqan.

Nilufar Norqobilovaga ko‘ra, tibbiy muolaja so‘rashlariga qaramasdan, turmush o‘rtog‘iga professional tibbiy muolaja ko‘rsatilmagan.

1-tergov izolyatorida saqlanayotgan boshqa boshpana izlovchilarning ham sog‘liqlari yomonlashgan. Qurbonov Qobiljonning ayoli Gulnora Qodirova ham erining sog‘lig‘i xavf ostida ekanligini aytadi.

"Hamma joyi shishib ketgan, yuzlari sap sariq. Jigarim og‘riyapti, dedilar, oyim turli hil dorilar olib kirgandi, hech qaysi birini qabul qilishmadi. O‘zimiz qaraymiz deyishgan. Ammo hozirgi kungacha mazalari yo‘q. Muolaja qilishmagan, bir marta analizlarini olib ketishgan. Oyoqlari yara bo‘lib, yursa suvi chiqib ketayotgan ekan", - deydi Gulnora Qodirova.

Bundan tashqari Boltayev Ahmadning ham sog‘lig‘i yomonlashgan.

Abgor sharoitlar

Boshpana izlovchilarning yaqinlariga qo‘ra, hibsxonalardagi sharoitlar abgor va sovuqdan himoya qilish uchun oynasi yo‘q. Yopinish uchun berilgan bir odeyal ularni sovuqdan himoya qila olmayapti.

Qochqinlarni qutqarish qo‘mitasi prezident Nazarboyev va boshqa qozoq mas‘ullariga murojaat qilib, mahbuslarning taqdiriga befarq qolmaslikka chaqirgan.

Maktubda hibsdagilarning sog‘lig‘i yomonlashgani va ularga tez tibbiy yordam lozimligi aytiladi.

Olma-Ota shahar jazoni ijro etish boshqarmasidan Chinara Husainovaning Bi-bi-siga aytishicha, bugun rahbariyat o‘zbek boshpana izlovchilarning sog‘lig‘i va sharoitini o‘rganish uchun terov izolyatoriga ketgan.

“Ayni damda rahbariyat 1 - sonli tergov izolyatorida bo‘lib turibdi. Ular ushbu odamlar bo‘yicha muammoni yechishmoqda”, - deydi Chinara Husainova.

Mas‘ul xodim bu borada to‘liqroq ertaga sharh berishi mumkinligini va boshpana izlovchilarning sharoitini o‘rganishga yuqori tashkilotlarga yozilgan murojaat sabab bo‘lganini urg‘uladi.

Hibsdagilarning ayollari iqtisodiy jihatdan qiynalib qolganini aytishadi. “Qizil yarim oy tashkiloti tomonidan beriladigan yordam puli kvartira ijarasi va gaz uchun yetadi xolos”, deydi ular.

"Eyish-ichishdan ham ancha qiynalib qolganmiz, bolalarimizga yetarli oziq-ovqat olib berolmaymiz. Go‘sht-sariyog‘larga qo‘limiz yetmaydi. Xonalarimiz sovuq. Mayli, bu qiyinchiliklarga shukur qilamiz, turmush o‘rtoqlarimiz eson-omon chiqishsin", deydi xibsdagilarning ayollaridan biri.

Qiynoq va o‘lim xavfi

Bir necha yildan buyon Qozog‘iston hududida yashab kelgan ushbu o‘zbekistonliklarning aksariyatiga avval BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan "boshpana izlovchi" maqomi berilgan.

Ammo o‘tgan yili bu kabi vakolat Qozog‘iston Migratsiya xizmatiga o‘tkazilishi ortidan o‘tgan iyun oyida Olma ota shahrida 45 nafar qochqin hibsga olingan.

O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishi ma‘lum qilingan qochqinlarning oilalari avvalroq Qozog‘iston Bosh prokuraturasining Olma-Otadagi idorasi qarshisida qator norozilik chiqishlari uyushtirishgan.

Hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonliklardan ba‘zilari ekstraditsiya harakatlariga norozilik sifatida ochlik e‘lon qilganliklari haqida xabarlar olingan.

O‘zbekiston hukumati boshpana izlovchilarni diniy ekstremizmda ayblaydi, ammo ularning o‘zlari vatanlarida diiny e‘tiqodlari uchun ta‘qib etilganliklarini aytadilar.

Inson huquqlari tashkilotlari ular O‘zbekistonga qaytarilgani taqdirda qiynoq va o‘lim bilan yuzma-yuz kelishlari haqida ogohlantirganlar.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.