AQSh Qirg‘iziston Oliy mahkamasini Azimjon Asqarov ishida xolis bo‘lishga undadi

AQSh taniqli inson huquqlari faoli Azimjon Asqarov va yana yetti nafar etnik o‘zbekning ishini ko‘rib chiqayotgan Qirg‘iziston Oliy mahkamasini huquqiy jarayonlarni hurmat qilish va xolis bo‘lishga undagan.

Amerikaning Qirg‘izistondagi elchiligi o‘tgan iyun oyidagi etnik nizolar chog‘ida bir militsiya xodimini o‘ldirish va milliy nafrat uyg‘otishda ayblangan sudlanuvchilarning ishini yaqindan kuzatib turganliklarini bildirgan.

Elchilik, o‘z o‘rnida, Qirg‘iziston Oliy mahkamasida kechayotgan jarayonda avval inobatga olinmagan hujjatlarga e‘tibor qaratilishidan o‘z mamnunligini izhor etgan.

Ammo mahkama jarayonidagi boshqa holatlardan o‘z tashvishlarini izhor etgan.

Amerika tomoniga ko‘ra, mahkama jarayonida militsiya zobitlari doxil ko‘plab shaxslarning ayblanuvchilarning shikoyat arizalarini rad etishga undovchi chiqishlariga imkon berilgan.

Azimjon Asqarov va boshqa ayblanuvchilarning mahkama tingloviga taklif etilmagani va o‘z bayonotlari bilan chiqishlariga imkoniyat berilmagani jarayonning xolisligini savol ostiga qo‘yadi, deydi AQSh elchiligi.

Mustaqil va xalqaro kuzatuvchilar ayblanuvchilar ustidan bo‘lib o‘tgan bundan avvalgi mahkama jarayonlarining qanchalik adolatli bo‘lganini savol ostiga olib kelishadi.

Sudlanuvchilarning himoyachilari o‘z mijozlarining qiynoqlarga va boshqa nomaqbul munosabatlarga duchor etilganliklarini aytishadi.

AQSh elchiligiga ko‘ra, ayblanuvchilarning xolis va adolatli mahkamasini ta‘minlash bilan Qirg‘iziston dunyoga o‘zining demokratik va erkin jamiyatga aylanib borayotganiga ishora qiladi.

"Xьyuman Rayts Votch" xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti o‘tgan hafta Qirg‘iziston Oliy mahkamasini ayni shu mahkama jarayonida adolatsizlikning oldini olishga chaqirgandi.

Ayblanuvchilarning 27 yanvarga rejalangan navbatdagi mahkama jarayoni 8 fevralga qoldirilgan.

Inson huquqlari faoli Azimjon Asqarov o‘tgan yilning sentyabr oyida bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgandi.