Nazarboyev muddatidan oldingi prezidentlik saylovini 3 aprelga belgiladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Janob Nazarboyevning bu safargi saylovlarda ham g‘alaba qozonishi kutiladi.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev muddatidan oldingi prezidentlik saylovini shu yilning 3 aprelida o‘tkazish haqidagi farmonga imzo chekdi.

Joriy prezidentlik muddati 2012 yilda tugaydigan Nursulton Nazarboyev referendum o‘tkazish g‘oyasidan voz kechgan va mamlakatda erta saylovlar o‘tkazilishi haqida e‘lon qilgan edi.

Qozog‘iston prezidentining saylov haqidagi farmoni davlat ro‘znomasida e‘lon qilingan.

Tahlilchilar muddatidan oldingi saylovlar haqidagi gap-so‘zlar boshlanganda, saylovning shu yil bahoriga belgilanishi mumkinligi va bu muxolifatga tayyorgarlik uchun kam muhlat qoldirishini aytgan edilar.

Biroq janob Nazarboyev ushbu saylovlar mamlakatda demokratiya amal qilayotganining namoyishi degan qarashda qat‘iy, deb yozadi Bi-bi-si muxbiri.

Yanvar oyida Qozog‘istonning bir partiya vakillaridan iborat parlamenti Nursulton Nazarboyevning prezidentligi muddatini 2020 yilgacha uzaytirish maqsadida referendum o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.

Biroq bu reja Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi tomonidan antidemokratik qadam, deya tanqid qilindi.

Shu hafta boshida janob Nazarboyev referendum rejasini rad etdi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Yaqin Sharq mamlakatlarida oxirgi kunlarda kuzatilayotgan demokratiya talablari bilan norozilik namoyishlari Qozoq hukumatini fikrini o‘zgartirishga undagan bo‘lishi mumkin.

Ammo boshqa bir kuzatuvchilar nazarida referendum o‘tkazish g‘oyasini ilgari surish va uning prezident tomonidan inkor etilishi janob Nazarboyevning nufuzini oshirish maqsadini ko‘zlagan siyosiy o‘yin bo‘lishi mumkin.

Qozog‘istonni 20 yil boshqarishi ortidan janob Nazarboyevning bu safargi saylovlarda ham g‘alaba qozonishi kutiladi.

Mamlakat konstitutsiyasi unga necha marta xohlasa shuncha prezidentlikka nomzodini qo‘yishga izn beradi.

Qozog‘istonning ojiz muxolifati unga katta qarshilik ko‘rsata olishi amrimahol, uning ustiga Qozog‘istonda avval o‘tgan bironta saylov ham xalqaro kuzatuvchilar tomonidan erkin va adolatli deb topilmagan.