O‘shdagi Islomiy markazga o‘t ketgan

Image caption O‘tgan yil yuz bergan etnik zo‘ravonliklarda O‘shda ko‘p uy-joylar va idoralarga o‘t ketgan

Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Islomiy Hamkorlik Xalqaro Markazining idorasida yuzaga kelgan yong‘in ortidan tergov ochilgan.

Xabarlarga ko‘ra, yanvar oyi oxirida Islomiy markazda chiqqan yong‘in qo‘shni ko‘chalarda vahimaga sabab bo‘lgan.

Markazga qirg‘izistonlik o‘zbek ulamo, Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Shayx Sodiqjon Kamolov rahbarlik qiladi.

Qirg‘iz xabar agentliklariga ko‘ra, markaz rahbariyati politsiyadan idoraga kim o‘t qo‘yganini tergov qilishni so‘ragan.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, Islomiy markazga o‘t ketishi Sodiqjon Kamolovning faoliyatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. U o‘tgan iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli etnik to‘qnashuvlar ortidan yarashuv ishlarida faollik qilib keladi.

Boshqa manbalarga binoan, markazga o‘t ketishining yana bir sababi mahalliy biznes manfaatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Islomiy markaz binosi O‘sh shahri markazida joylashgan va katta hovliga ega.

Bi-bi-si bilan suhbatda Sodiqjon Kamolovning jiyani, Qorasuv masjidining imom-xatibi Rashod qori Kamolov Islomiy markazga yong‘in ketganidan va bundan kim foyda ko‘rishidan hayron ekanini aytdi.

"Norasmiy faraz desak, qandaydir ogohlantiruvmi, qo‘rqituvmi, juda tumanli, oxiri ko‘rinmagan voqea bo‘ldi. Bu etnik emas, diniy idora, shuning uchun boshimiz qotgan. Bizda qirg‘iz hukumati yo qirg‘iz millatdoshlarimiz bilan bir hunuk munosabat bo‘lmagandi," - deydi Rashod qori.

Iyun zo‘ravonliklarida markazning o‘shliklar orasida ommaviy bo‘lgan choyxonasi yoqib yuborilgandi.

Unda markazda saqlanuvchi diniy adabiyotning unikal majmuasi talon-taroj qilingandi. Kitoblarning bir qismi so‘ngra markazga qaytarilgan.

Bu safargi yong‘inda o‘t o‘chiruvchilar zudlik bilan yetib kelganiga qaramay, idoraning bir necha xonasi yonib ketgan va bir necha ming kitob saqlanuvchi kutubxona butkul kuyib kul bo‘lgan.

Mahalliy gazetalar yozishicha, o‘t uchiruvchilar yong‘inga elektr tarmog‘ining nosozligi sabab bo‘lishi mumkinligini aytganlar, lekin boshqa rasmiy manbadan "yong‘in sababi noaniq" degan iqtibos ham keltirilgan.