Tojikiston shimolida yuz bergan falokatda ikki kishi qurbon bo‘lgan

Shimoliy Tojikistonning Shahriston va Anzob dovonlari o‘rtasidagi tog‘ yo‘lida ikki kishi halok bo‘lgan va bir kishi bedarak yo‘qolgan.

Tojikiston Favqulodda holatlar va fuqaro mudofaasi vazirligi bergan xabarga ko‘ra, falokat qalin qor yog‘ishi natijasida yo‘l muzlagani bois yuz bergan.

Muzlagan tog‘ yo‘lida borayotgan mashina jarlikka, daryoga qulagan.

Hozirda Tojikiston janubi va shimolini baland tog‘li Dushanbe-Xo‘jand yo‘li bog‘lab turadi.

Tojikistonliklar oldinlari mamlakat shimoliga safar qilish uchun O‘zbekiston yo‘llaridan foydalanishgan.

Hozirda viza tartibi joriy etilgani, mashinalar o‘tishi uchun pul olinishi va yo‘llardagi ta‘magirlikka asoslangan tekshir-tekshirlar ko‘pligi bois tojikistonliklar xavfli bo‘lsa-da, tog‘ yo‘lidan yurishni ma‘qul ko‘rishadi.

Falokat baland tog‘li Shahriston va Anzob dovonlari o‘rtasidagi yo‘lda, Ayniy tumaniga qarashli Safedorak qishlog‘i yaqinida yuz bergan.

Tezoqar Fondaryoga qulagan "Musso" mashinasida uylaridan, ta‘tildan qaytayotgan, hammasi Sug‘d viloyatilik Tojikiston Davlat tibbiyot dorulfununining besh nafar talabasi bo‘lgan.

Kechki sakkizlardan o‘tgan payt qorong‘i yo‘lda borayotgan mashina muzda sirg‘anib ketib, 50 metr chuqurlikdagi jarlikka, Fondaryoga qulagan.

Falokatdan so‘ng bir soat o‘tar-o‘tmas favqulodda holatlar xizmati xodimlari daryodan chiqishga muvaffaq bo‘lgan uch talaba yigitni Ayniy tumani bemorxonasiga yetkazishgan.

Jarohatlangan yigitlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular keyinroq Dushanbega yuborilgan.

Ertasi tongda mashina daryodan chiqarib olingan. Uning ichidan 21 yoshli Abdurasul Samadovning jasadi topilgan.

Mashina haydovchisi Dushanbe yaqinidagi Rudakiy tumanida yashagan 53 yoshli Sattor Aliyevning o‘ligi kechga yaqin daryo qirg‘og‘idan topilgan.

21 yoshli toliba qiz Bishoira Xolboyeva esa, bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda va uni qidirish davom etmoqda.

Ayni paytda Dushanbe-Xo‘jand yo‘lida qatnayotgan mashinalarga faqat kunduzi o‘tish uchun ruxsat berilmoqda.

Har bir mashina tekshirilib, faqat tog‘ sharoitida yurishga moslashgan mashinalargina o‘tkazilmoqda.

Yo‘lni qordan tozalash ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, balandtog‘li Anzob va Shahriston dovonlari o‘tadigan Dushanbe- Xo‘jand yo‘li Tojikistondagi eng xavfli yo‘llardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bu yo‘lda Anzob tunneli qurib bitkazilgan, Shahriston tunneli qurilishi davom ettirilmoqda.

Oldinlari qor va tog‘ ko‘chkilari, yo‘l muzlashi bois qish faslida Dushanbe-Xo‘jand yo‘li yopib qo‘yilardi.

Lekin ilgari foydalanib kelingan O‘zbekiston yo‘llaridan o‘tish qiyinlashgach, ikki baland tog‘li dovon mavjud bo‘lgan tog‘ yo‘lining yil davomida harakat uchun ochiq bo‘lish imkoniyatlari ko‘rilayotir.