Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari shu yil kuz oyida bo‘ladi

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyevaning aytishicha, shu yilning kuz oyida mamlakatda "erkin va shaffof" prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.

O‘tinboyeva xonim bu haqda bugun, oqsoqollar bilan uchrashuvi chog‘ida aytgan.

Qirg‘iziston rahbariga ko‘ra, saylovlar yangi siyosiy madaniyatning shakllanishiga turtki beradi.

O‘tinboyeva xonim yangi rahbar o‘zidan prezidentlik vakolatini qabul qilib olishi va bu yangi siyosatchilarning maydonga kelishi yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘lishini aytgan.

Shu yil yanvar oyi oxirida Qirg‘izistonda yangi hukumat rasman qasamyodga keltirilgandi.

Yangi qirg‘iz hukumati bir necha borlik urinishlar ortidan o‘tgan dekabr oyining o‘rtalarida tashkil topgandi.

Bundan avvalroq esa, Qirg‘izistonda yangi parlament boshqaruvining qaror topishiga yo‘l ochgan parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi.

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva esa, shu yilning 31 dekabr kuni rasman o‘z vazifasini topshiradi.

Qirg‘izistonda qaror topgan yangi boshqaruv modeliga muvofiq, endi Bosh vazir prezidentdan ko‘ra ko‘proq vakolatga ega bo‘ladi.

Bir necha oylik urinishlar ortidan Qirg‘izistonda yangi parlament hukumatining qaror topishi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham xush qarshilangandi.

Qirg‘izistonda so‘nggi qudrat almashuvi o‘tgan yilning aprel oyida kuzatilgandi.

59 yoshli diplomat Roza O‘tinboyeva prezident Qurmanbek Bakiyevni hokimiyatdan chetlatgan ommaviy namoyishlar va qonli to‘qnashuvlar ortidan qudratga kelgandi.

Uning hokimiyatga kelishidan qisqa vaqt o‘tmay, Qirg‘iziston janubida kelib chiqqan milliy nizolarda yuzlab kishilar hayotdan ko‘z yumishgandi. Ularning aksariyati o‘zbeklar ekani aytiladi.

Ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, yuz bergan qonli hodisalarga o‘sha paytda Qirg‘izistonning muvaqqat prezidenti bo‘lgan Roza O‘tinboyevaning mamlakat janubida o‘z nazoratini o‘rnata olmagani ham sabab bo‘lgan.

Yaqinda Qirg‘izistonga qo‘shni Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ham mamlakatida aslida 2012 yilga rejalangan prezidentlik saylovlarining shu yilning aprel oyida bo‘lib o‘tishini e‘lon qilgandi.