Qozog‘iston: o‘zbekistonlik 2 boshpana izlovchi chiqarib yuborilishi mumkin

O‘zbekistonlik ikki boshpana izlovchi ayolga ko‘ra, Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari ularni vatanlariga chiqarib yuborishi mumkin.

Turmush o‘rtoqlarining ortidan kelgan Dildora Amirqulova va Shahnoza Muratovalarning pasportiga "5 kun ichida chiqib ketsin," degan muhr urilgan.

Huquq himoyachilari migratsiya qo‘mitasi noqonuniy yo‘l tutganini aytmoqda.

Davlat tomonidan tayinlangan advokat mahkama qaroridan 10 kunning ichida shikoyat yozish haqqi bor.

8-fevralь kuni Olma-Ota shahar ma‘muriy mahkamasi Dildora Amirqulova va Shahnoza Muratovalarga pasportini ro‘yxatdan o‘tkazmagani uchun har birini 500 dollardan jarimaga tortgan.

Dildoraga ko‘ra, Turksib tuman migratsiya politsiyasi inspektori Sag‘inay Nursultonov ularni mahkamaga aldov yo‘li bilan olib borgan.

"Sag‘inayning oldiga pasportimni olishga bordim. U menga bizni hozir boshliq chaqirgan birga borishimiz kerak. Mana shu muammoni boshliqqa aytib o‘sha yerda hal qilasan. Sen ruschani bilmaysan, shuning uchun tarjimon ham olamiz, deb bizlarni aldadi. Keyin uydan Shahnozani bolasi bilan birga oldik. Chunki shahar migratsion boshqarmasiga ketayapmiz, deb o‘yladik. Keyin ma‘muriy suddan bir qog‘oz olib keyin ketamiz, dedi. Bizlarni aldab sudga olib kirdi," deydi Dildora Amirqulova.

Shundan so‘ng, oldindan tayyorlab qo‘yilgan advokat va tarjimon ishtirokida mahkamada ishi ko‘rilib, mahkama jarima to‘lash haqidagi qarorni chiqargan.

"Buncha pulni to‘lay olmaymiz," deb aytgan Shahnoza Muratova.

Migratsiya politsiyasi inspektori esa ularning pasportlarini olib ketib, "5 kunning ichida chiqib ketsin," deb urilgan muhr bilan qaytarib bergan.

Davlat tomonidan tayinlangan advokat Aynur Tursunbek mahkamaning ushbu qarori yuzasidan shikoyat tayyorlayotganini aytdi.

"Ularning ma‘muriy ishi bo‘yicha, men apelyatsion shikoyat tayyorlayapman," dedi Aynur Tursunbek.

Shahnozaning qo‘lida bir oylik o‘g‘li, Dildoraning esa bir yoshli qizi bor.

Noqonuniy harakatlar Ikki o‘zbek boshpana izlovchisi ishi bilan Qozog‘istonda hali ro‘yxatdan o‘tmagan muxolif "Alg‘a" partiyasi shug‘ullanishini ma‘lum qilgan.

Partiya a‘zolaridan Adiljan Kenjagaliyevning Bi-bi-siga ma‘lum qilishicha, boshpana izlovchilarning ishi bilan partiya yuristi yaqindan tanishgan va ularning pasportiga "deport qilinsin," deb muhr urgan migratsion politsiyasi huquqiy xatoga yo‘l qo‘ygan.

"Mahkamaning qarori faqat 18 fevralь kuni kuchga kiradi. Biz migratsion politsiyaning ustidan shikoyat qilamiz. Migratsion politsiya noqonuniy harakat qildi. Biz apelyatsion tartibda shikoyat kiritamiz," deydi Adiljan Kenjagaliyev.

Ro‘yxatdan o‘tmagan "Alg‘a" partiyasi boshpana izlovchilarning O‘zbekistonga chiqarib yuborilmasligi uchun mahkama tomonidan tayinlangan bir ming dollar jarimani to‘lashga tayyor ekanini aytmoqda.

Advokat topish muammosi

Davlat tomonidan tayinlangan advokat Dildora va Shahnozalar ustidan chiqarilgan ma‘muriy mahkama qarori ustidangina shikoyat yozishini ma‘lum qildi.

Qochqin ayollarning aytishlaricha, ularning qochqinlik maqomini olish ishi bo‘yicha hozircha birorta ham advokat shug‘ullanishni istamayapti.

Mahalliy qonunlar bo‘yicha puli yo‘q kishiga davlat tomonidan advokatlar tayinlanishi kerak.

Shunday murojaat bilan Olma-Ota shahar advokatlar kolegiyasiga borilganda, ular hech qanday huquqiy yordam berolmasligini ma‘lum qilganlar.

"Boshpana izlovchi deyishimiz bilan navbatchi advokatning rangi o‘zgardi. Keyin men sizlarning ishlaringizni ololmayman, dedi. Sababini so‘rasak, hammalaringizning ishlaringiz tepasida Milliy Xafvsizlik Qo‘mitasi turibdi. Biz bunga aralasha olmaymiz, deb javob berdi”, - deydi boshpana izlovchilardan Umida Azimova.

Dildora Amirqulova va Shahnoza Muxtoravalar turmush o‘rtoqlari aka-uka Sunatillo va Suhrob Qo‘ldoshevlarning ortidan Qozog‘istonga boshpana izlab kelgan.

Qozog‘iston Migratsiya Qo‘mitasi ularga qochqin maqomini berishdan bosh tortgach, qo‘mita qaroridan norozi bo‘lib, mahkamaga murojaat qilishi lozim edi.

Ammo ular mablag‘i bo‘lmagani uchun advokat yollay olishmagan va vaqtida mahkamaga murojaat qila olishmagan.

Natijada, vaqt o‘tishi bilan ularning ro‘yxatda turish muddati ham o‘tgan.

26 yanvar kuni migratsiya politsiyasidan pasportlari tekshirilgach, aka-ukalar pasporti yo‘qligi bois 30 kunga shaxsini aniqlash uchun qamab qo‘yiladi.

Dildora va Shahnozalarning ro‘yxatdan vaqtida o‘tmagani uchun migratsiya politsiyasi mahkamaga beradi.

Endi ular 18 fevralgacha mahkama qarori yuzasidan shikoyat qilishlari lozim.

Aks holda ularni O‘zbekistonga chiqarib yuborishlari mumkin.