Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev yana saylovlarda qatnashmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev muddatidan ilgari chaqirilayotgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga rasman rozi bo‘ldi.

Muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari shu oy boshida shaxsan prezident Nazarboyev tomonidan chaqirilgandi.

"Men Qozog‘iston prezidentligi saylovlarida ishtirok etishga rozi bo‘ldim," deb aytgan janob Nazarboyev boshqaruvdagi "Nur-Otan" partiyasining bugun bo‘lib o‘tgan kongressida.

Xabarlarga ko‘ra, kongress chog‘ida "Nur-Otan" partiyasi Nursulton Nazarboyevga rasman ana shunday taklif bilan chiqqan.

Aslida 2012 yilga rejalangan prezidentlik saylovlari shu yilning 3 aprel kuniga rejalangan.

Yangi besh yillik vakolat esa, saylovlarda g‘olib chiqqan taqdirda, 70 yoshli prezident Nazarboyevning boshqaruvini qariyb o‘ttiz yilga yetkazishi mumkin.

Nursulton Nazarboyev, "bo‘lajak saylovlarning erkin va adolatli bo‘lib o‘tishi"ni ta‘minlash uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishlarini aytgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan bir vaqtda qudratga kelgan janob Nazarboyev sobiq Sho‘rolar Ittifoqidagi boshqaruvi eng uzoqqa cho‘zilgan rahbarlardan biridir.

Prezident Nazarboyevning so‘nggi bayonoti o‘z vakolatini 2020 yilga qadar uzaytirishni ko‘zda tutuvchi referendum g‘oyasini rad etib, kutilmaganda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari chaqirish qaroridan qisqa vaqt o‘tmay yangramoqda.

Referendum taklifi Qozog‘istonning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSh tomonidan keskin tanqidga uchragandi.

Tanqidchilarga ko‘ra, muddatidan ilgari saylovlar G‘arbni tinchitish uchun referendumga muqobil o‘ylab chiqilgan choradir.

Qozog‘istondagi muxolifat faollari saylovlarning bunchalik erta chaqirilishi o‘zlarining saylovlarda g‘olib chiqish imkoniyatlarini keskin pasaytirishidan shikoyat etishgandi.

Qozog‘istonda saylovoldi amaliyotlari 3 martda boshlanib, 1 aprelda yakun topadi.