"Ko‘plab tojik ayollari hijobga majburan kiradilar"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Tojik ayollari orasida hijob oxirgi yillarda urfga kirgan.

Tojikiston hukumati qoshidagi ayollar qo‘mitasi o‘tkazgan tadqiqot natijasida ma‘lum bo‘lishicha, hijobdagi ayollarning yarmidan ko‘prog‘i hijobni majburan o‘raydilar.

Qo‘mita o‘tkazgan so‘rovda qatnashgan ayollarning aksari oilani saqlab qolish maqsadida hijob o‘rashga rozi bo‘lishlarini aytishgan.

Qo‘mita suhbatga tortgan ayollardan 55 foizi turmush o‘rtoqlari, ota-onalari, aka-uklari va hatto o‘g‘illari talabi bilan hijobga kirgnaliklarini aytishgan.

45 foizi esa o‘z xohishlari bilan hijob o‘ray boshlaganlarini bildirishgan.

7 foiz ayollar esa hijobni e‘tiqodlari tufayli emas, urfga kirib kelgani uchun yoda Tojikistonda ommaviylashib ketgan seriallar qahramonlariga taqlid qilib o‘raganlarini aytganlar.

Dushanbelik Ruxshona turmush o‘rtog‘ining talabi bilan hijobga kirganligini aytadi.

"Ko‘plab ayollarni yaqinlari hijobga kirishga majburlaydilar. Islom bizlarni mo‘minlikka o‘rgatgani uchun ko‘plar ota-onlari, ayniqsa turmush o‘rtoqlarining irodasiga qarshi borishga jazm etamaydilar. Chunki eri uni tashlab ketib, boshqa "ko‘nadiganrog‘iga" uylanib ketishi hech gap emas",- deydi Ruxshona.

So‘rov yoshi 15dan 45gacha bo‘lgan muslimalar orasida o‘tkazilgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Ruxshonaning aytishicha, turmush o‘rtog‘ining talabi bilan hijobga kirgan.

So‘ralgan ayollarning atigi 7 foizi oliy ma‘lumotli, qolganlari esa o‘rta yoda noto‘liq o‘rta ta‘limga ega ekanlar.

Ayollar o‘rtasida "islomlashish" jarayonlari Tojikistonda ayniqsa poytaxt Dushanbe, So‘g‘d va Xatlon viloyatlarida ko‘zga tashlanadi.

Tog‘li Badaxshon va Rasht vodiyisida ayollar aksar hollarda milliy libos va ro‘mol o‘rashni afzal ko‘radilar.

Umuman butun Tojikiston bo‘ylab Islomga qiziqish oxirgi yillarda o‘sgan. Ota-onalar farzandlarini diniy yo‘lda tarbiyalashga harkat qiladilar.

Diniy ta‘limga ko‘proq ahamiyat berila boshlandi va diniy bayramlar davlat miqyosida nishonlanadi.

Lekin oxirgi o‘tkazilgan so‘rov natijalari dinga berilish hamisha ham ko‘ngilli asosda ro‘y bermayotganligini ko‘rsatmoqda.

Tojikiston hukumati qoshidagi ayollar ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tahliliy bo‘limidan Saodat Mo‘minovaning aytishicha, ko‘plab ayollar o‘z yaqinlari talablariga rozi bo‘lib, oilani saqlab qolish yo‘lida islomiy an‘analarga muvofiq kiyina boshlaganlar.

Mo‘minova xonimga ko‘ra, ko‘plab ayollar moddiy jihatdan erkaklarga qaramlar va oilani saqlab qolish maqsadida hamma narsaga ko‘nadilar.

Radikal islomning tarqash xavfi tufayli rasmiylar o‘quv dargohlarida hijobda yurishni taqiqilaganlar. Lekin bu holat ayollarning hijobdan voz kechishlariga olib kelmagan.

Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zolariga ko‘ra, o‘quv dargohlarida hijobda yurishni taqiqlash, shuningdek musulmoncha ust-bosh kiyishga majburlash ham ayollarning dunyoviy va diniy huquqlarining buzlishini anglatadi.

Islom Uyg‘onish partiyasi faoli Zarafamo Raxmonovaga ko‘ra, aksar ayollar o‘zlariga taaluqli dunyoviy va diniy huquqlardan boxabar emaslar.

"Insonni o‘z xohishiga qarshi hech nimaga majburlab bo‘lmaydi. Erkin tanlov zo‘rlik bilan o‘tkazilgan irodani inkor etadi. Boshqa tomondan tojik rasmiylari tomonidan kiritilgan taqiq ham qabul qilib bo‘lmasdir. Radikal g‘oyalarga kelsak, ishsiz va ma‘lumotsiz ayol ta‘qiqlangan guruhlar ta‘siriga tushib qolishi oson",- deydi Zarafamo Raxmonova.

O‘tgan yili Tojikistonda "ayollarning dunyoviy hayot tarzi uchun" ijtimoiiy kampaniyasi boshlangandi.

Ushbu kampaniya doirasida "vahobiylik" mazhabining ramzi sifatida ko‘rilgan qora rangdagi abaya kiymaslik tavsiya berilgan.

Lekin ayni vaqtda rasmiylar oddiy islomiy hijobni ham olqishlamaydilar.

Tojikistonlik ruhoniylar esa tashqi ko‘rinish bilan ovora bo‘lib, ichki ma‘naviy qadriyatlarni ham esdan chiqarmaslik, e‘tiqodni urfga aylantirmaslik, erkaklarni esa ayollarini islomiy yo‘lda kiyinishlariga zo‘rlamaslikka da‘vat qilib keladilar.