Turkmaniston prezidenti bir guruh mahbuslarni avf etdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Prezident Berdimuhammedov iqtidorga kelganidan buyon 12 marta avfi umumiyni imzoladi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov mamlakat qamoqxonalaridagi bir guruh mahkumlarni avf etish haqidagi farmonga imzo chekkan.

Turkmaniston davlat televideniyesi - "Oltin Asr"ning ma‘lum qilishicha, avf farmoni "Davlat Bayrog‘i kuni" munosabati bilan qabul qilingan.

"Hurmati prezidentimiz avf farmonini ajdodlarimizdan meros qolgan rahm-shafqat, odolat va odamiylik tamoyillariga asoslanib imzoladi," deb aytgan "Oltin Asr" o‘tgan juma kuni namoyish etilgan ko‘rsatuvda.

Prezident Berdimuhammedov Turkmaniston huquq-tartibot idoralari rahbarlariga "farmonga muvofiq avf etilgan barcha mahkumlar milliy bayramni o‘z yaqinlari davrasida kutib olishlari uchun zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishga buyruq bergan".

Avf farmoniga muvofiq qancha mahkumning ozod etilishi ma‘lum emas, biroq yuzlab mahbuslarning avf etilishi kutilmoqda.

Turkmanistonda har yili mahkumlarni avf etish an‘anaga aylangan esa-da, avf siyosiy mahbuslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

O‘tgan yil sentyabrida Turkmaniston qamoqxonalarida xorij fuqarolari doxil to‘rt mingga yaqin mahkum ozodlikka chiqarilgan edi.

Bu galgi avf farmoni Gurbanguli Berdimuhamedov 2006 yilda hokimiyatga kelganidan buyon o‘n ikkinchi avfi umumiydir.

Ammo inson huquqlari tashkilotlari mamlakat qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarning har yilgi avfdan chetda qolayotganini tanqid qilib keladilar.

Prezident Berdimuhamedov hayotligida Turkmanistonning abadiy prezidenti hisoblangan Saparmurot Niyozovning shaxsiga sig‘inishga chek qo‘yishga qaratilgani aytilgan bir qator qadamlarni qo‘ygan.

O‘tgan avgustda Turkmanboshining poytaxt Ashxoboddagi oltin haykali olib tashlangan edi.

Biroq kuzatuvchilar Saparmurot Niyozovning akslari ko‘pincha janob Berdimuhamedovniki bilan almashtirish uchungina oolib tashlanayotganiga e‘tibor qaratishadi.