Qozoq shirkatlarining hissalari oddiy fuqarolarga sotiladi

Image caption Prezident Nazarboyevning neft shirkatlari hissalarini sotish qarori Qozog‘istonda belgilangan prezidentlik saylovlari arafasida e‘lon qilindi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev "Kazmunaygaz" va boshqa yirik davlat shirkatlari hissalarining bir qismini aholiga sotish rejasini e‘lon qilgan.

Unga muvofiq, hissalar faqat Qozog‘iston fuqarolariga sotiladi va bir odam 50 tagacha bo‘lgan hissani sotib olishi mumkin.

Janob Nazarboyev hozircha "Kazmunaygaz"ning 500 million dollarga teng bo‘lgan hissalari sotuvga qo‘yilishi, keyinroq esa oddiy qozog‘istonliklar boshqa yirik shirkatlarda ham o‘z ulushlariga ega bo‘lishlarini aytgan.

Hissalarning narxi hozircha noma‘lum, ammo e‘lon Qozog‘istonda 3 aprelda o‘tishi belgilangan muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari arafasida yangragan.

BBC qozoq hukumatining navbatdagi tashabbusi haqida Britaniyada chop etiladigan "Ekonomist" jurnalining Almatidagi muxbiri Birgit Brauer bilan suhbatlashdi.

Brigit Brauer: Qozog‘istondagi yirik shirkatlarning hissalarini aholiga sotish ancha avval rejalashtirilgandi. Jahondagi moliyaviy inqiroz chog‘ida davlat hissalarining hammasi "Samruk Kazina" xolding shirkati boshqaruvi ostida birlashtirilgan edi. Endi esa inqirozning eng og‘ir pallasi ortda qolganidan so‘ng, davlat ayrim hissalarni sotishga urinmoqda. Oxirgi oylarda buni qanday amalga oshirish masalasi muhokama qilib kelingan. Alal-oqibat hissalarning bir qismini odamlarga sotish haqida qaror qabul qilindi. Asosiy maqsad - Qozog‘istonning hissalar bozorini jonlantirish. Qozoq hukumati 1990-yillarning boshidan buyon aktsiyalar bozorini rivojlantirishga qaratilgan yirik rejalarga ega bo‘lgan. Bu maqsadda turli-tuman rejalar, dasturlar ishlab chiqilgan. Qozog‘iston o‘zining hissalar bozoriga xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilishga urinib keldi. Ammo bu kutilgan natijani bermaganidan so‘ng, hozirda ichki sarmoyadorlarga yuz burilmoqda. Qozoq hukumati bu bilan birdaniga ikkita quyonni urmoqchi - bir tomondan, hissalar bozorini jonlantirib, ikkinchi tomondan, Qozog‘iston aholisini ham boyitmoqchi.

BBC: Ammo o‘rtacha umr kechirayotgan qozog‘istonliklarning bu hissalarni sotib olishga qurblari yetadimi?

Brigit Brauer: Menimcha, bu haqda gapirishga hali erta. Chunki biz bu hissalarning qancha turishini bilmaymiz. Bilganimiz - "Kazmunaygaz" shirkatining 50 tagacha bo‘lgan hissalarini sotib olish mumkin bo‘ladi. Xatto qurblari yetgani taqdirda ham, 50 ta hissa ot bilan tuya bo‘ladimi? Shuning uchun bu hissalar aholining farovonligiga qanchalik ta‘sir ko‘rsatishi haqida hozircha bir narsa deyish qiyin.

BBC: Hissalarning sotilishi avvadan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin, ammo buni Prezident Nazarboyevning shaxsan o‘zi e‘lon qilmoqda. Prezidentlik saylovlariga tayyorlanayotgan janob Nazarboyev bu bilan yanada ko‘proq qozog‘istonliklarning ovozlarini sotib olishga urinayotgan bo‘lishi mumkinmi?

Brigit Brauer: Bo‘lishi mumkin. Ammo asosiy maqsad hali aytganimdek, davlat shirkatlarining bir qismini xususiy shaxslarga sotishdir. Albatta, saylovlardan bir necha hafta oldin janob Nazarboyev "mana ko‘rib qo‘yinglar, men sizlarga imkoniyat berayapman" demoqchi bo‘layotgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo qozog‘istonliklarning aksariyati uchun asosiy muammo hissalarni sotib olish emas. Bu yerda odamlarning ko‘pchiligi tobora oshib borayotgan oziq-ovqat narxlari, bolalarini o‘qitish, sog‘lik singari kundalik hayotiy muammolar bilan ovora. Ularni davlat shirkatlarining hissalari unchalik qiziqtirmaydi.