Oxus Gold O‘zbekistonni xalqaro arbitrajga berish bilan tahdid qildi

Oxus Gold O‘zbekiston hukumatini o‘z qo‘shma korxonasidagi ulushi adolatli baholanmagani taqdirda xalqaro arbitrajga murojaat qilishi haqida ogohlantirgan.

Avvalroq shirkat vakili BBCga Oxus hissalari yuzasidan muzokaralar borayotganini aytgan edi.

O‘tgan oy shirkat Amantaytaudagi oltin korxonasi hissalarining yarmini O‘zbekistonning davlat shirkatiga sotishga rozi bo‘lgan.

Oxus Gold payshanba kuni chiqargan bayonotda aytilishicha, shundan buyon O‘zbekistonning rasmiy idoralari korxonada audit tekshiruvlarini o‘tkazmoqda.

Shirkat audit komissiyasining tajribasi Amantaytau Oltin Maydoni (AGF) qo‘shma korxonasining tugatilishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.

Image caption Oxus Gold O‘zbekistondagi oltin ishlab chiqarish sohasidagi yagona xorijiy shirkat edi

Qo‘shma korxona hissalari London birjasida sotiladigan Oxus Gold ning asosiy mulki hisoblanadi.

Moliyaviy tahlilchilarga ko‘ra, korxona yiliga 20 million untsiyadan ortiq oltin qazib chiqarish salohiyatiga ega.

Oxus Gold hissalarini sotib olishni istaydigan xalqaro shirkatlarning ko‘pligi taxmin etiladi.

Oxus Gold nima uchun o‘z hissalarini sotishga majbur bo‘lgani sabablari haqida hech narsa demayapti.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining Amantaytaudagi korxonaning barcha hissalarini qo‘lga kiritish harakatlari Muruntauda qazib olinayotgan oltin hajmining kamaygani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Boshqa bir farazga ko‘ra esa, britan shirkatining O‘zbekistonni tark etayotganiga xitoylik sarmoyadorlar "Amantaytau" uchun mablag‘ ajratishdan voz kechgani sabab bo‘lishi ham mumkin.

Ma‘lum bo‘lishicha, asosan Xitoyning davlat mablag‘laridan iborat bo‘lgan konsortsium sarmoyasi bo‘yicha kelishuv 2010 yil dekabrigacha bo‘lgan, xitoyliklar yangi yil uchun mablag‘ ajratishdan voz kechganlar.

Oldinroq Oxus Gold Xitoy konsortsiumi 185 million dollar mablag‘ berishni rad etgani haqida e‘lon qilgan.

"Amantaytau Goldfilds" O‘zbekistondagi oltin ishlab chiqarish sohasida xorij sarmoyasi bilan faoliyat yuritayotgan yagona shirkat edi.

Britan-O‘zbek qo‘shma korxonasining O‘zbekiston tarafdan ta‘sischilari - Davlat Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati.

Amantaytau Goldfields 2003 yilda markaziy Qizilqumda umumiy qiymati 31 million dollarga baholangan oltin ajratib oladigan korxona ishga tushirgan.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu korxonada ishlab chiqarilgan oltin miqdori ko‘zlanganidan kam bo‘lgan.

O‘tgan yili hisoblari muzlatilgan "Zeromaks" shirkatining asoschisi Mirodil Jalolov Oxus Gold ning boshqaruv kengashi a‘zosi va noijroiy direktori bo‘lgan.

O‘tgan oy Oxus Gold Jalolovning iste‘fo berganini aytgan.

Ammo Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovanga yaqinligi aytilgan Mirodil Jalolovning o‘tgan yilgi tekshiruvlardan keyingi taqdiri haqida hech narsa ma‘lum emas.

O‘zbekiston dunyoning yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlatlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatda 40 dan ortiq oltin konlari mavjud va yiliga 80 tonnadan ko‘proq oltin ishlab chiqariladi.

G‘arbdagi kuzatuvchilar O‘zbekistonning oltin zahiralari Karimov va oilasi tomonidan nazorat qilinishiga ishonadilar.