Tojikiston: bir guruh dindorlar ustidan hukm chiqarildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Tojikistonda Hizbut tahrir faoliyati so‘nggi yillarda sustlashgani aytiladi

Tojikistonning Sug‘d viloyati mahkamasi Hizbut tahrirga mansublikda ko‘rilgan 11 kishi ustidan hukm chiqargan.

Mahkamaga tortilganlar 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

Tojikistonda Hizbut tahrirga mansublar ustidan dastlabki mahkama bundan o‘n bir yil oldin bo‘lib o‘tgandi.

Kuzatuvchilar so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan davr ichida 600 nafar erkak-ayol Hizbut tahrirga mansublikda ko‘rilib, jazoga tortilgan.

Qamoq jazosiga hukm etilganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Ayni bir paytda Tojikiston huquq-tartibot mulozimlari tushuntirish ishlari bois Hizbut tahrir faoliyati oldingi yillarga nisbatan sezilarli darajada susayganini aytishadi.

Kuzatuvchilar fikricha esa, Hizbut tahrir yashirin ravishda ish ko‘rishga o‘tgan.

Mahkamaga tortilganlar Tojikiston Jinoiy Kodeksining jinoiy guruh tuzish va jinoiy guruhga a‘zo bo‘lish, mavjud qonuniy hukumatni ag‘darishga da‘vat etish, milliy, irqiy diniy va mahalliychilik negizidagi nizolar chiqarishga urinish, ekstremistik tashkilotga a‘zo bo‘lish kabi moddalari bilan ayblandilar.

Mahkamaga tortilganlarning asosiy ko‘pchiligi Xo‘jand shahri va uning atrofidagi qishloqlardan.

Lekin bu gal ular orasida Istaravshan, Mastchoh va Jabbor Rasulov tumanlari yashovchilari ham bor.

Tahlilchilar Shimoliy Tojikistonda Hizbut tahrir o‘z ta‘sir doirasini kengaytirishga intilayotganini aytadilar.

Hizbut tahrir faollaridan biri deya ko‘rilgan 42 yoshli Abduxoliq Mullayev 20 yillik qamoq jazosiga hukm etildi.

U bundan o‘n bir yil oldin Hizbut tahrirga mansublikda ko‘rilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mahkamada Abduxoliq Mullayevning jazo muddati to‘liq tugashidan ilgari ozodlikka chiqqach, yana Hizbut tahrir g‘oyalarini tarqatishda davom etganligi aytilgan.

Abduxoliq Mullayevdan tashqari jazoga tortilgan boshqa kishilar ham uch yildan besh yilgacha davlat va xo‘jalik ishlarida mansab egallash, diniy muassasalarda faoliyat yuritish huquqidan mahrum etildilar.

Mahkamaga tortilganlarning aksariyati esa o‘zlarining imonni mustahkamlash, Islomiy bilimlarini oshirish uchun intilganliklarini aytganlar.

Hizbut tahrir faoliyati susaymoqdami?

Tojikiston huquq-tartibot mulozimlari rasmiy diniy tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan tushuntirish ishlari bois keyingi yillarda Hizbut tahrir g‘oyalarini tarqatish sezilarli darajada susayganini aytishadi.

Jumladan, oshkora varaqa tarqatishlar va jamoat joylarida da‘vat etish hollari ko‘rinmayotgani ta‘kidlanadi.

Ayni bir paytda mahkamada jazoga tortilgan Huseynjon Vorisjonovning uyidan katta miqdordagi Hizbut tahrir adabiyotlari va varaqalari topilgani aytilgan.

Jumladan, "Alloh yo‘lida o‘ldirilgan kishi", "Subhi xilofat" kabi kitobchalar, "Shahid bo‘lmoq", "Karimovning Roza O‘tinboyevaga tabrik xati," kabi varaqalar musodara etilgan.

Lekin Hizbut tahrirga mansublikda ayblanib jazoga tortilayotgan kishilar yaqinlarining aytishlaricha, jazo muddatining ko‘paytirilishi va tergov davomidagi qiynoqlar bois Hizbut tahrir yashirin faoliyat yuritishni ma‘qul ko‘rmoqda.

Ular bu gaplarni aytar ekanlar so‘nggi mahkamada tortilgan ikki yigitning yigirma sakkiz yoshli ekanliklarini aytib, ularning keyingi yillarda Hizbut tahrirga a‘zo bo‘lib kirishganini ta‘kidlashadi.