Britaniyadagi mojaroda valiahd Endryuning Qozog‘iston bilan aloqalari tilga olinmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи andrew
Image caption Shahzoda Endryuga bosimlar ortmoqda

Britaniyada Shahzoda Endryuning mamlakat savdo elchisi lavozimidan iste‘fo berishi talablari kuchaymoqda.

Mahalliy matbuotda Qirolicha Yelizaveta II ning ikkinchi o‘g‘li Shahzoda Endryuning Britaniyaning savdo elchisi sifatidagi faoliyati borasida tobora ko‘proq savollar o‘rtaga tashlanmoqda.

Shahzoda Endryuning nьyu-yorklik moliyachi Jeffri Epstayn bilan yaqin bo‘lgani haqidagi maqolalar e‘lon qilindi, AQShda Epstayn voyaga yetmagan qizlarni fohishalikka majburlaganlikda ayblab mahkamaga tortildi.

Shuningdek, Shahzoda Endryuning Qozog‘iston Prezidenti kuyovi Temir Kuliboyevga Sanningxil-parkdagi ko‘chmas mulkini sotgani naqadar shaffof bo‘lgani so‘ralmoqda.

7 mart kuni Britaniya Bosh vaziri Shahzoda Endryuni mamlakat savdo elchisi lavozimida to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Biroq Dauning-Strit valiahd haqida yangi fosh etuvchi materiallar e‘lon qilinadigan bo‘lsa, Shahzoda Endryu Britaniyaning savdo elchisi lavozimidan iste‘fo berishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini bildirgan.

Britaniya matbuotiga ko‘ra, Qirol oilasining a‘zosi mavqeidan foydalangan Shahzoda Endryu xorijiy mamlakatlardagi ko‘zga ko‘ringan shaxslar bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan, Britaniya uchun manfaatli shartnomalar imzolanishiga yordam bergan.

Ayni paytda valiahd o‘zining foydasini ham yoddan chiqarmaganini yozadi Britan ro‘znomalari.

8 mart kuni "Independent", "Telegraf" va "Tayms" ro‘znomalari ham valiahd Endryuning faoliyatiga taalluqli "yangi tafsilot"ni ochiqlovchi maqolalar e‘lon qilganlar.

"Independent" shahzodaning Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevlar bilan munosabatlariga nazar tashlaydi.

"Telegraf" ro‘znomasi Shahzoda Endryu Britaniyaning savdo elchiligidan ketishi kerak, deb yozadi.

Shahzoda Endryuning ko‘chmas mulk oldi-sotdisi

Shahzoda Endryu 2001 yilda Britaniyaning xalqaro savdo va sarmoyalar bo‘yicha maxsus vakili tayinlangan.

Shahzodaning dabdabali xorijiy safarlari, bulari hammasi britaniyalik soliq to‘lovchilar hisobidan bo‘layotgani haqida anchadan buyon tanqidlar bildirilib keladi.

Britaniya matbuotiga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Nazarboyevning kuyovi Timur Kuliboyev Londondagi moliya markazlari e‘tiborini Qozog‘istonga qaratishda Shahzoda Endryu dastagiga umid qilgan.

Mahalliy matbuot janob Kuliboyevni yoqimsiz deb ta‘riflaydi.

43 yoshli Timur Kuliboyev Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Dinara Nazarboyevaga uylangan.

U "Forbs" tuzadigan dunyoning eng boy shaxslari ro‘yxatida 2010 yil 880-o‘rinni egallagan.

Timur Kuliboyev ixtiyoridagi boylik 1,1 milliard dollarni tashkil etadi, deb ko‘riladi.

Timur Kuliboyev Britaniya janubi-sharqida joylashgan Ascot dang‘illama hovlisini 2008 yilda Shahzoda Endryudan 15 million funt-sterlingga sotib olgani e‘lon qilingan.

Bu hovli shahzodaga onasi Qirolichaning to‘y tuhfasi bo‘lgan.

Nazarboyev kuyovining ko‘chmas mulk uchun Britan shahzodasi so‘ragan narxdan 3 million funt-sterling ko‘p pul to‘lagani xabar qilingan.

Mahalliy matbuotga ko‘ra, ushbu oldi-sotdidan keyin Ascot hovlisida hech kim yashamayotganidan u yer huvillab qolgan.