Сўнгги янгиланиш 11 март 2011 - 13:21 GMT

Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarini Yaqin Sharqdan saboq chiqarishga undadi

Robert Bleyk Yaqin Sharqdagi g‘alayonlar Markaziy Osiyo davlatlariga saboq bo‘lishi kerakligini aytdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyo davlatlarini Yaqin Sharqda kechayotgan hodisalardan saboq chiqarib, islohotlarni tezlashtirishga undagan.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha o‘rinbosari Robert Bleyk mintaqadagi hukumatlar demokratiyadan cho‘chishayotganini aytdi.

Janob Bleykka ko‘ra, Markaziy Osiyodagi tuzumlar yoshlarning irodalariga javoban ish tutishlari va korruptsiyaga barham berishlari lozim.

Amerika rasmiysining aytishicha, ushbu hukumatlar Afg‘onistondagi beqarorliklar tufayli o‘z mamlakatlarida qattiq nazorat o‘rnatishgan.

Tunis, Misr, Liviya, Yaman, Jazoir, Bahrayn, Iordaniya... Mana endi Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga navbat yetdi. Aftidan, avtoritar tuzumlarga qarshi xalq g‘alayonlari yangi mamlakatlarga yoyilmoqda. Siyosatdonlar va tahlilchilar bu yerda bir nechta sababni ko‘rishmoqda.

Avvalo, avj olgan poraxo‘rlik, tuzumlarning yopiqligi, so‘z erkinligi va birlamchi inson huquqlari cheklanishi hamda ishsizlik yuqoriligi...

Buning ustiga, yangicha texnologiyalar bilan ishlovchi axborot vositalari kuchaymoqda. Tobora ko‘proq odamlar internetni o‘qishadi, ijtimoiy muloqot tarmoqlaridan foydalanishadi.

So‘nggi ogohlantirish esa, AQShning yuqori martabali diplomati tilidan yangramoqda. Robert Bleyk Kongress tinglovida gapirarkan, Yaqin Sharqdagi g‘alayonlar Markaziy Osiyo davlatlariga saboq bo‘lishi kerakligini aytdi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiy tezda demokratik islohotlarni amalga oshirishi zarur.

Xalq g‘alayonlari ortidan uzoq yillik prezidentlarni ketkazgan Misr va Tunis misolida gapirarkan: "Bu mamlakatlarda hokimiyatga kelganlar endi yosh avlod talablariga javob berishi hamda poraxo‘rlik kabi illatlarga barham berish yo‘lida ishlashi kerak", dedi.

Unga ko‘ra AQSh bu yo‘lda sa‘y-harakatlarga qo‘l urgan.

Janob Bleyk faqat Qirg‘iziston yaqinda erkin va adolatil saylov o‘tkazdi, ammo boshqa Markaziy Osiyo davlatlari hamon demokratiyaga shubha bilan qarashmoqda, deb urg‘ulagan.

Mintaqa davlatlari qo‘shni Afg‘onistondagi notinch vaziyat tufayli ham qattiq nazorat o‘rnatishga intilmoqdalar. Bu davlatlar xuddi Qirg‘iziston kabi milliy nizolarga botishdan qo‘rqishadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi voqealar ortidan, endi Amerika Markaziy Osiyo bilan muloqotlarini kuchaytirmoqda. Chunki, Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda aholi noroziligi kun sayin kuchaymoqda. Markaziy Osiyoda ham poraxo‘rlik avj olgan, uzoq yillik rahbarlar qattiq nazorat qilishadi. Yoshlar orasida esa, ishsizlik darajasi yuqori.

Markaziy Osiyodagi aksar hukumatlardan axlq noroziligi qanchalik kuchli bo‘lmasin, bu mintaqada isyonlarning yoyilib ketishini jilovlab turgan voqeliklar ham bor.

Masalan, xavfsizlik kuchlari va politsiya nazorati juda kuchli, internet va ijtimoiy muloqot tarmoqlariga to‘siqlar qo‘yilgan. Xullas, Markaziy Osiyodagi bironta ham davlatda Misr yoki Tunisdagi kabi inqiloblarga sahna bo‘lishi ehtimoli juda past.

Ammo kichik-kichik va quyi darajadagi beqarorlik ham nafaqat Markaziy Osiyo rahbarlarini, balki ularning asosiy hamkori bo‘lmish AQShni baribir cho‘chitmoqda.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.