Suv zahirasiga boy Tojikistonda ichimlik suv muammosi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston hududida 54 milliard kub metr suv hosil bo‘ladi. Bu Orol havzasidagi daryolar suvining 60 foizini tashkil etadi.

Lekin, mamlakat Prezidenti Imomali Rahmonning suvdan foydalanishga oid xalqaro anjumanlardan birida ta‘kidlashicha, Tojikiston bu suvning faqat 10 foizini o‘z ichki ehtiyojlar uchun ishlatadi.

Mamlakat suv zahirasiga boy ekanligiga qaramasdan Tojikiston aholisining 40 foizdan ko‘prog‘i toza ichimlik suvdan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

Mamlakat Prezidenti ichimlik suv masalasi ayniqsa qishloqlarda o‘tkir muammo ekanligini urg‘ulagan edi.

Shifokorlarning aytishlaricha ichimlik suvning yetishmasligi turli yuqumli xastaliklarni keltirib chiqarmoqda.

Shahar va qishloq aholisi ayni muammo bilan qanday hisoblashishadi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Keyingi yillarda Xo‘jand shahridagi do‘kondan maxsus idishlarga quyilgan tozalangan suv sotib olayotgan kishilarni ko‘rish mumkin.

Sherali Saydaliyev shaharliklar uchun suv muammosi deyarli mavjud emasligini aytdi. Uning aytishicha, ichish uchun do‘konlardan tozalangan suv sotib olayotganlar tobora ko‘paymoqda.

Lekin, aksariyat qishloqlarda buning aksini ko‘rish mumkin. Xalqaro tadqiqotchilarga ko‘ra Bobojon G‘afurov tumanidagi tog‘ qishloqlarida ichimlik suv masalasi uzoq yillar davomida hal etilish o‘rniga qiyinlashib bormoqda.

Masalan, Katta Ayri qishlog‘i aholisi tog‘ bag‘ridagi buloqlardan eshaklarda, hatto qo‘lda suv tashib keladi. Toza suvga yetib borish uchun bir chaqirim va undan ortiq yo‘l bosadiganlar bor.

Shundaygina Sirdaryo qirg‘og‘iga yaqin joylashgan Spitamen nohiyasidagi Hashtiyak qishlog‘i aholisi esa suv muammosini hal etish uchun yana hovuzlar qazidi. Lekin, chelakda suv olib ketayotgan ayollardan biri ifloslanib yotadigan hovuz suvi qaynatib ichilmagan taqdirda yuqumli xastaliklar kelib chiqishini aytadi.

Oldinlari ichimlik suvi tozalanib markazlashgan usulda yetkazib berilgan Jabbor Rasulov nohiyasidagi G‘o‘lakandoz qishlog‘ida ham keyingi yillarda toza suv muammosi o‘tkirlashib bormoqda.

Shu qishloqda yashaydigan Munira Usmonovaning aytishicha, tozalanmagan suv ichish faqat yuqumli xastaliklar emas, boshqa og‘riqlarga ham sabab bo‘lmoqda.

"Qishloqda ichimlik suv qiyinchiliklari ko‘tarilmaydigan yig‘ilish yo‘q, odamlar bu borada mahalliy hukumatlarga necha bora murojaat etishgan", deydi Munira.

Tojikiston Prezidenti suv masalasi yechimini topish mamlakatda Milliy taraqqiyot va kambag‘allik darajasini pasaytirish strategiyasi ajralmas qismi sanalishini ta‘kidlab keladi.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, sug‘oriladigan maydonlar va aholi boshiga ichimlik suvi iste‘mol qilish bo‘yicha hozirda Tojikiston Markaziy Osiyoda oxirgi o‘rinda turadi.