Tojikiston o‘z chegarasini himoya etishda Ovro‘po Ittifoqidan yordam so‘ramoqda

Tojikiston Ovro‘po Ittifoqidan Afg‘oniston bilan uzuq-yuluq chegarasini himoya etishda yordam berishini so‘ragan.

Rasmiy Dushanbening bildirishicha, Sho‘ro davridan qolgan himoya tizimi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan va Islomiy isyonkorlik tarqalishining oldini olishda ish bermaydi.

Reyter axborot agentligining Tojikiston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi Chegara bo‘linmasi yuqori martabali mulozimi Sharaf Fayzulloyevdan iqtibos keltirishicha, Afg‘onistondan kelayotgan zo‘ravonliklar tahdidiga bas kelishlari uchun "ovro‘pocha model"dagi himoya tizimiga favqulodda ehtiyojlari bor.

"Afg‘onistondagi ittifoq kuchlari mamlakatning Tojikiston bilan chegaradosh shimoliy mintaqalarida osoyishtalikni ta‘minlay olishmadi. Biz bir necha bor otishmalarning o‘z hududimizga o‘tganiga guvoh bo‘ldik," deb aytgan janob Fayzulloyev.

Tojikistonlik mulozim ushbu masalani imkon qadar tezlikda hal etish istagida ekanliklari, chegaradagi vaziyat mushkul ekani bois yordam yana 10 yildan keyin emas, hozirning o‘zida lozim ekanini ham urg‘ulagan.

Tojikiston Afg‘oniston bilan qariyb bir yarim ming chaqirimga uzangan o‘zaro chegaraga ega.

Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Pьer Morrel esa, prezident Rahmon bilan so‘nggi uchrashuvi ortidan tashkiloti Tojikistonga o‘z dastagini ko‘rsatishga hozir ekanini bildirgan. Ammo o‘z yordamlari tafsilotlarini ochiqlamagan.

Janob Fayzulloyevga ko‘ra esa, Afg‘oniston bilan chegaraning har bir chaqirim qismiga tikanli sim o‘rnatishning o‘zi 1 million AQSh dollariga tushishi mumkin.

Tojikiston, bundan tashqari, Afg‘onistondan boshlanuvchi yirik narkotranzit yo‘lda joylashgan.

Tojikiston xavfsizlik kuchlari mamlakatning tog‘li sharqiy hududlarida bir guruh isyonkorlarga qarshi o‘tgan sentyabr oyidan buyon harbiy amaliyotlar olib borib kelishadi.

Bunga Kamarob darasida harbiylar karvoniga qarshi uyushtirilgan va 30 ga yaqin askarning umriga zomin bo‘lgan hujumlar sabab bo‘lgan.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon o‘tgan oy mamlakatning chekka hududlarida islomiy jangarilarning kuchayib borayotganidan shikoyat etgandi.

Tojik hukumatiga ko‘ra, bugun bo‘y ko‘rsatayotgan jangarilarning "Al-Qoida" tarmog‘iga aloqasi bordir.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, ish haqlarining kamligi, kambag‘allik va mamlakatda chuqur ildiz otgan ishsizlik, ayniqsa, yoshlar orasida islomiy radikallashuvning kuchayishiga xizmat qilayotganini aytishadi.