Qozog‘iston Yaponiyadagi inqirozga qaramay o‘zining atom elektr stantsiyasini qurmoqchi

Image caption Qozog‘iston hududi ulkan ekani, shu bois atom elektr stantsiyasini bemalol xavfsiz bir yerda barpo etishi mumkinligini aytmoqda

Dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lgan Qozog‘iston Yaponiyadagi yadroviy inqirozga qaramay, o‘zining ilk atom elektr stantsiyasini qurish rejasida qat‘iy ekanini aytmoqda.

"Yaponiyada yuz berayotgan hodisalar hammada radiofobiya(radioktiv moddalardan qo‘rquv)ning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Ammo, shu bilan bir vaqtning o‘zida, biz Qozog‘iston o‘z atom elektr stantsiyasini barpo etishi kerak degan fikrdamiz. Chunki buning uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar muhayyo," deb aytgan qozog‘istonlik mas‘ul Dushenbay Turganov.

Lekin shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Qozog‘istonning muayyan hududlari seysmik faol hisoblanadi.

Qozog‘istonlik mas‘ullarning urg‘ulashlaricha, mamlakat aholisi kam, hududi esa Frantsiyadan besh barobar katta, shunday ekan, AESni xavfsiz joyda bemalol qurishlari mumkin bo‘ladi.

"Dunyodagi ikkinchi yirik uran zaxiralariga ega davlat bo‘lsak, uran ishlab chiqarish bo‘yicha esa, hammani ortda qoldirsak, Allohning o‘zi shuni istagan bo‘lsa, biz ham bu ishni amalga oshirishimiz shart," deb ta‘kidlagan janob Turganov o‘zlarining atom elektr stantsiyasi qurish rejalariga ishora qilarkan.

Qozog‘istonlik mas‘ul, o‘z o‘rnida, bu masalada nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishlari va xavfsizlik choralariga alohida e‘tibor qaratishlari shart ekanini ham urg‘ulagan.

Dunyodagi uran zaxiralarining 15 foizdan ortiqrog‘i Qozog‘istonning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu borada faqat Avstraliya Qozog‘istonni ortda qoldira oladi, xolos.

Qozog‘iston bu yil uran ishlab chiqarishni qariyb 20.000 tonnaga yetkazish rejasida bo‘lsa, xalqaro shirkatlar bilan hamkorlikda 2015 yilgacha buni yana besh ming tonnadan ortiqroqqa oshirish niyatida.

Lekin shuning bilan barobarida Qozog‘iston sobiq Sho‘rolar davridan qolgan yadroviy arsenalidan o‘z xohishi bilan ham voz kechgandi.

Semipalatinskdagi yadroviy sinov sathini yopib, Kaspiy dengizi yaqinidagi atom reaktorini buzib tashlagandi.

So‘nggi yillarda atom energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj esa kuchayib bormoqda.

Shu sababdan ham, Qozog‘istonning davlatga qarashli "Kazatomprom" shirkati atom reaktori barpo etish bilan 2020 yilga borib uranini to‘liq yadroviy yoqilgi tsiklidan o‘tkazishga erishmoqchi.

Dushenbay Turganov atom elektr stantsiyasi borasida bundan ortiq tafsilotlarga to‘xtalmagan.

Qozog‘iston uran konlarida "Kazatomprom"dan tashqari qator xorijiy shirkatlar ham ishlashadi. Ularning orasida Rossiya va Yaponiyaning ham shirkatlari bor.