Qozog‘iston prezidentligiga nomzod 'Ginnes'ning rekordlar kitobiga kirmoqchi

Image caption "Tabigat" uyushmasi rahbari baribir "Ginnes"ning rekordlar kitobiga kirmoqchi. Surat "Kazaxstanskaya pravda" gazetidan olindi

Qozog‘iston prezidentligiga yagona mustaqil nomzod, "Tabigat" tevarak-atrofni muhofaza qilish uyushmasining rahbari Mels Yeleusizovning aytishicha, dastlabki rejasi amalga oshmagan bo‘lsa ham, baribir "Ginnes"ning rekordlar kitobiga kirmoqchi.

Janob Yeleusizov 20 mart kuni butun Qozog‘iston bo‘ylab ko‘chat ekish kampaniyasini uyushtirib, bir kunda eng ko‘p daraxt o‘tqazgan inson sifatida tarixga kirishni rejalayotgandi.

Bu haqda Rossiyaning axborot agentliklari xabar tarqatishgandi.

Qozog‘iston prezidentligiga mustaqil nomzod ilk ko‘chatni mamlakatning amaldagi rahbari Nursulton Nazarboyev ekib berishi lozimligi va bu xususda saylovdagi raqibiga maxsus noma yo‘llaganini ham bildirgandi.

"Pokistondagi ishchilar 36 soat ichida 30.000 ta ko‘chat o‘tqazib, "Ginnes"ning rekordlar kitobiga kirishgandi. Demak, bir kunda bundan ham ko‘p ko‘chat ekish mumkin," deya janob Yeleusizov yangi rekord o‘rnatishiga ishonchi komilligini ham izhor etgandi.

Prezidentlikka nomzod o‘z kampaniyasini amalga oshirish uchun hech kimning moliyaviy yordamiga ko‘z tikayotgani yo‘qligi, qozoq fuqarolarining tashabbuslariga umid qilayotganini ham qistirib o‘tgandi.

Unga ko‘ra, har bir kishi ikkita yoki uchtadan daraxt eksa, rejasini amalga oshirish uchun shuning o‘ziyoq kifoya qiladi.

Janob Yeleusizov Qozog‘istonning markaziy va shimoliy hududlarida qahraton sovuq bo‘lgani uchun, hatto, tuvakka ekilgan ko‘chatlar ham hisobga o‘tishini aytgandi.

Ammo so‘nggida ayon bo‘lishicha, "Ginnes" qo‘mitasidan ekspertlarni chaqirish xayollaridan ko‘tarilgani bois, 20 mart kuniga rejalangan osmono‘par maqsad amalga oshmay qolgan.

Xabarlarga ko‘ra, rekord o‘rnatilishi kutilgan kunda bor-yo‘g‘i 120 ta ko‘chat ekilgan, xolos.

Ammo Qozog‘iston prezidentligiga mustaqil nomzod va "Tabigat" uyushmasining rahbari Mels Yeleusizov o‘z rejasini baribir amalga oshirish maqsadida ekanini aytmoqda.

Qozog‘istonda 3 aprelga chaqirilgan muddatidan ilgari prezidentlik saylovlariga nomzodlarning saylovoldi amaliyotlari esa, qizib bormoqda.