Qirg‘iziston prezidenti odamlardan namoyishlarga chiqishni bas qilishni so‘ragan

Image caption Qirg‘iziston rahbari har qanday namoyishlarni bas qilishga chaqirmoqda

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva janubiy O‘sh shahriga safari davomida kishilarni namoyishlarni bas qilishga chaqirib, mamlakatdagi o‘zgarishlar saylovlar orqali amalga oshirilishi lozimligini aytgan.

"Biz endi bir-birimizni kechirib, yaxshi qo‘ni-qo‘shnichilikda yashashda davom etishimiz shart. Turli xil namoyishlarni bas qilish lozim. O‘zgarishlar saylovlar orqali amalga oshirilishi kerak. O‘z o‘rnida bo‘lajak prezidentlik saylovlarining adolatli va demokratik bo‘lishini ta‘minlash ham muhim," deb aytgan O‘tinboyeva xonim.

Qirg‘iz rahbari og‘ir kunlarni ortda qoldirib, bundan buyog‘iga tinch-totuvlikda yashashga ham da‘vat etgan.

O‘tinboyeva xonimga ko‘ra, barcha o‘tgan iyun oyidagi halokatli milliy nizolardan saboq chiqarishi lozim.

Qirg‘iziston prezidenti Navro‘z kuni qonli to‘qnashuvlardan eng ko‘p ziyon chekkan O‘sh viloyatida qilgan chiqishida o‘sha hodisalarning oldini olomagani uchun vaqtli hukumati xalqdan kechirim so‘rashini ham bayon qilgandi.

Bugun ikkinchi kundirki, poytaxt Bishkekdagi Hukumat uyi qarshisida namoyish uyushtirayotgan o‘ttizga yaqin namoyishchilar esa, milliy nizolarda qurbon bo‘lgan yaqinlari uchun hukumatdan tovon puli to‘lab qo‘yishini ham talab etishgan.

Barchasi etnik qirg‘iz bo‘lgan namoyishchilar aybdorlarni jazolash va qurbonlar xotirasini abadiylashtirishni ham so‘rashgan.

Namoyishchilar yana prezident Roza O‘tinboyeva va Qirg‘iziston parlamenti spikeri Ahmatbek Keldibekovdan o‘zlariga, "ma‘naviy, qonuniy va moddiy yordam berishlari"ni ham talab qilishgan.

Ularga ko‘ra, etnik nizolar ortidan O‘sh va Jalol-Oboddan topilgan barcha jasad qoldiqlari ham zudlik bilan o‘rganilishi lozim.

Bishkekdan kelayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, mamlakat Bosh vaziri o‘zi ishtirok etayotgan tadbirkorlar anjumanini zudlik bilan tark etib, namoyishchilar bilan uchrashgan.

Bosh vazir Almazbek Atambayev namoyishchilarning talablarini qondirish uchun qo‘llaridan kelgan ishni qilishga va‘da berib, qurbon bo‘lgan yaqinlari uchun ularga o‘z hamdardligini izhor etgan.

Namoyishchilar avvalroq talablari qondirilmas ekan, joylaridan siljimasliklari va ochlik e‘lon qilishlarini aytishgandi.

Ularga ko‘ra, shu paytgacha bu xususda qilgan yozma murojaatlari e‘tiborsiz qolib ketgan.

O‘tgan iyun oyida Qirg‘izistonning janubiy O‘sh va Jalol-Obod mintaqalarida kelib chiqqan milliy nizolarda minglab kishilar qurbon bo‘lgan va tan jarohati olishgandi.

Ammo ulardan aksariyatining o‘zbeklar ekanliklari aytiladi.