Qozoq nomzodlari qaysi tilda gapiradi yoki Nazarboyev naqadar kamtar?

Image caption Qozoq yoshlari nomzodlarning qozoq tilida gapirishini istaydilar

Qozog‘istonda estrada yulduzlari aholini 3 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida faol ishtirok etishga chorlab qo‘shiqlar kuylamoqda.

Ko‘chalardagi daraxtlardan tortib, qimmatbaho reklama taxtalari nomzodlarning su‘ratlari bilan to‘lib toshgan.

Televizorda saylov haqidagi ko‘rsatuv va roliklarning tubi ko‘rinmaydi.

Ona tilidan dars Nomzodlardan hammaning ham ko‘ngli to‘q emas. 24 mart kuni "Ruh bilan til" klubining bir guruh yoshlari nomzod G‘ani Qosimovning shtab kvartirasiga borib norozilik aktsiyasi o‘tkazdi.

"Afsuski, G‘ani Qosimov 3-4 yildan beri deputat va senator bo‘lishiga qaramasdan, biz uning davlat tilida na bayonot berganini va na savol-javob qilganini ko‘rganmiz. Shundan kelib chiqib, bizda Qosimov qozoq tilini biladimi degan tabiiy savol tug‘ildi. Shu sababdan biz G‘ani Qosimovga o‘zimizning maxsus sovg‘amizni olib keldik", - deydi klub rahbari Jonpo‘lat Mamay.

Sovg‘a 1-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan qozoq tilidagi "Ona tili" kitobi bo‘lib chiqdi.

Prezidentlikka nomzod va shu bilan birga senator G‘ani Qosimov saylovoldi ishlari bilan joylarga chiqib ketgani ma‘lum bo‘ldi.

Qarorgohdagi G‘ani Qosimovning tarafdorlari aktsiya ishtirokchilarini ogohlantirmasdan kelishda ayblab, G‘ani Qosimov qozoq tilini yaxshi bilishini aytishdi.

Eng kamtar nomzod Nazarboyevmi? Prezident bo‘laman deganlarning ichida to‘rt kishi rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ular qozoq tili bo‘yicha imtihondan ham muvafaqqiyatli o‘tishdi.

Nomzodlar - Vatanparvarlar partiyasidan G‘ani Qosimov, Kommunistik xalq partiyasidan Jambil Axmetbekov, Tabig‘at ekologik jamiyatidan Mels Yeleusizov va amaldagi prezident Nursulton Nazarboyev.

Nomzodlarning ichida faqatgina Nursulton Nazarboyev saylovoldi kampaniyasini o‘tkazmasligini aytgan. Ammo ko‘cha-kuyda va matbuot orqali aynan Nazarboyevning nomi va su‘rati eng ko‘p chop etilayotgani seziladi.

Mels Yeleusizov bundan oldingi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ygan va juda ham kam ovoz olgan.

Harbiylar ovozi Bu safar Yeleusizov janoblari 5% atrofida ovoz olishni maqsad qilgan. Butun qozog‘istonliklarni nihol ekishga chorlayotgan Mels Yeleusizov Olma-ota shahridagi sobiq harbiy qismga bordi.

Ushbu harbiy qism boshqa joyga ko‘chganiga 5 yil bo‘ladi. 38 gektar yerni qamrab olgan bu hududda harbiylar o‘zlariga arzon kvartiralar solinishini istaydi.

Zahiradagi generalь mayor Maxmut Teleugusovning aytishicha, minglab zobitlar kvartira uchun navbatda turibdi. Mudofaa vazirligiga qarashli yer esa 5 yildan beri bo‘sh yotibdi.

"Nima uchun mana shu yerda 30ta ko‘p qavatli uy qurib bo‘lmaydi. Qurilsa 3 ming harbiyni uy bilan ta‘minlasa bo‘lardi. Bu muammoni bir necha marotaba ko‘targanmiz. Ammo hammasi qog‘ozda qolib ketdi," - deydi generallar kengashining respublika jamoatchilik birlashmasi rais o‘rinbosari Maxmut Teleugusov.

Nomzod Yeleusizov respublika oliy bosh qo‘mondoni Nazarboyevga murojaat qilib ushbu muammoni yechish kerakligini ta‘kidladi.

"Men ushbu hududni hech kimga bermasdan, harbiy shaharcha tashkil etilishini so‘rayman," - deydi Mels Yeleusizov.