Iyun voqealari yuzasidan xalqaro tergov natijalari yana bir oyga kechiktirildi

Ayon bo‘lishicha, o‘tgan oy Qirg‘iziston janubida yuz bergan va minglab kishilarning umriga zomin bo‘lgani aytilgan milliy nizolar yuzasidan olib borilgan mustaqil xalqaro tekshiruv natijalari yana bir oyga kechiktirilgan.

Tergov natijalarining mart oyi oxirida e‘lon etilishi kutilayotgandi.

Xabarlarga ko‘ra, qirg‘izistonlik mas‘ullar xulosalarning ruscha tarjimasini so‘rab, ularni o‘rganish uchun ko‘proq vaqt berishlarini talab etishgan.

Xalqaro mustaqil tergov hay‘ati rahbari finlyandiyalik Kimmo Killyuninning aytishicha, qirg‘iz tomonidan eng kechi bilan aprel oyi o‘rtalarigacha o‘z munosabatlarini bildirishni so‘ragan.

Ammo jarayonning may oyi boshlarigacha davom etishi mumkinligi ehtimoli ham nazardan soqit etilmayotir.

Janob Killyunin Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi prezidentining muovinidir.

Lekin, shunga qaramay, olib borilgan xalqaro mustaqil tergov jarayoni xalqaro tashkilotning rasmiy tekshiruvlari emas, balki-da Qirg‘iz hukumatining so‘rovi bilan amalga oshirilgan ishdir.

Tovon puli

O‘tgan iyun oyidagi etnik nizolarda qurbon bo‘lganlar qarindosh-urug‘larining “Osh sheyitteri” birlashmasi o‘sha hodisalarga bog‘liq jinoiy ishlarni qayta ko‘rib chiqib, haqiqiy aybdorlarni topish va o‘ldirilgan yaqinlarining har biri uchun qirg‘iz puliga bir million somdan (taxminan 25.000 AQSh dollari) tovon puli ajratib berilishini talab qilishmoqda.

Bugun ular bilan yana bir bor uchrashgan va bu xususda hukumat yig‘ini o‘tkazgan Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev davlat byudjetidan 500 million som ajratib berishni taklif qilgan. Hukumat a‘zolari ham Bosh vazir taklifini qo‘llab-quvvatlashgan.

"Osh sheyitteri" ijtimoiy birlashmasining 30 ga yaqin a‘zolari 22 martdan buyon poytaxt Bishkekdagi Hukumat uyi qarshisida norozilik namoyishi o‘tkazib kelishmoqda.

Namoyishchilar bilan o‘tgan kun ham uchrashgan Bosh vazir Almazbek Atambayev ularning talablariga quloq tutib, qirg‘iz hukumati iyun voqealarida qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlarini qo‘lidan kelgancha har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganini bildirgan.

Qirg‘iziston Bosh vaziriga ko‘ra, o‘zlariniki bo‘lgan va xorijdan kelgan barcha insonparvarlik yordamlari eng avvalo Qirg‘iziston janubiga yetkazib berilmoqda.

Janob Atambayev, o‘z o‘rnida, hukumati, ayniqsa, iyun oyidagi nizolarda jabr ko‘rgan oilalarga yanada ko‘proq yordam berish istagida ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

Qirg‘iz Bosh vaziri qirg‘in qurbonlariga maxsus rasmiy maqom berilishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.

Namoyish ishtirokchilari iyun zo‘ravonliklariga aybdorlarni albatta topib, jazolash, shu ish yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarni qayta ko‘rib chiqish va bedarak yo‘qolganlarni topib berishni talab etishmoqda.

Ularga ko‘ra, qurbonlarga “Qirg‘iziston qahramoni” unvoni ham berilishi lozim.