Qozog‘iston shimolidagi qamoqxonada 7 mahkum o‘z tanalariga jarohat yetkazdi

Image caption Mahkumlar axloq tuzatish koloniyasida ularga nisbatan tazyiq va ta‘qiblarning to‘xtatilishini talab qilganlar

Qozog‘iston shimolidagi Kustanay shahrida joylashgan qattiq tartibdagi axloq tuzatish koloniyasida bir vaqtning o‘zida 7 mahkum "ichki bosimlar tufayli" o‘z tanalariga jarohat yetkazgan.

Bu haqda Qozog‘iston Adliya vazirli matbuot xizmati ma‘lum qilgan.

"Yetti mahkum o‘z qo‘l tomirlari va qorinlarini kesib tashlashgan. Jarohatlar unchalik xavfli emas. Barcha mahkumlarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatildi," - deyiladi xabarda.

Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yetti mahkum "qamoqxona tartib-qoidalariga bo‘ysunmagan besh mahkum bosimi ostida" o‘z tanalariga jarohat yetkazgan.

Adliya vazirligiga ko‘ra, besh mahkumning "jismonan yo‘q qilib tashlash tahdidlari ostida" yetti shaxs mazkur amalga qo‘l urgan.

Bnews.kz internet sahifasining ma‘lum qilishicha, hozirda mahkumlardan yakkalab qo‘yilgan hodisa tashabbuskorlari mazkur amalda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishmagan.

Mahkumlar Kustanay axloq tuzatish koloniyasida ularga nisbatan tazyiq va ta‘qiblarning to‘xtatilishini talab qilganlar.

Qozog‘istonlik inson huquqlari faollariga ko‘ra, o‘tgan oylar ichida mamlakatning qator jazoni o‘tash muassisalarida o‘nlab mahkumlar qamoqxonalardagi sharoitlarga e‘tirozan o‘z qo‘l tomirlarini kesib tashlaganlar.

Qiynoqlar

O‘tgan yil iyul oyida Aqmola viloyatida 14 mahkum o‘z tomirlarini ochib tashlashgan.

Mazkur hodisadan avvalroq Qozog‘iston shimolida 38 mahkum qamoqxonadagi sharoitga e‘tirozan o‘z tanalariga jarohat yetkazishgan edi.

"Qozoq qamoqxonalaridagi vaziyat o‘zining inqiroziy nuqtasiga yetdi," deydi sobiq mahbus, hozirda inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanayotgan Vadim Kuramshin.

"Tizim tub o‘zgarishlarni taqozo etadi, biroq hech kim hech narsa qilgisi kelmaydi," deydi u.

"Qiynoqlar keng tarqalgan. Qamoqxona ma‘muriyati amallariga qarshi shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmi umuman ishlamaydi. Mahkumlar shikoyatlari mutlaqo e‘tiborsiz qoladi," deya ilova qiladi Vadim Kuramshin.

Vadim Kuramshin mahalliy hokimiyatni korruptsiyada tanqid qilgani uchun to‘xmat qilishda ayblanib, umrining to‘rt yilini panjaralar ortida o‘tkazgan.

"Meni Atbasar qamoqxonasida to‘qqiz kun davomida vaxshiylarcha qiynoqqa tutishgandi," deb eslaydi inson huquqlari faoli.

BMT xavotirlari

Qozog‘iston qamoqxonalaridagi eng asosiy muammolardan biri ularda mahkumlar sonining haddan ziyod ekanidir.

Qiynoqlar bo‘yicha BMT maxsus ma‘ruzachisi Manfred Novak hisobotiga ko‘ra, Qozog‘iston qamoqxonalaridagi mahkumlar soni Ovro‘po mamlakatlaridagi mahkumlar adadidan taxminan uch barobar ko‘pdir.

2010 yil boshida Qozog‘iston qamoqxonalaridagi mahkumalar soni 64 mingga yaqin bo‘lgan. Rasmiylar so‘nggi avf farmonidan keyin mahkumlar soni 60 mingdan kamroqqa tushganini aytishadi.

Ko‘plab qamoqxonalar Sovet davrida qolgan. Mahkumlar 100 kishiga mo‘ljallangan baraklarda ushlab turiladi.

"Ko‘plab jazoni ijro etish muassisalarida mahkumlarga 10 yoki 12 kunda bir marta hammom qilish imkoni beriladi. Mahkumlarga beriladigan kiyim-kechaklarning aksari eskirgan, oziq-ovqatlar esa yetishmaydi," deyiladi BMT ma‘ruzachisi hisobotida.

BMT ma‘ruzachisi Qozog‘iston hukumatini mahkumlar shikoyatlarini o‘rganib chiqish bo‘yicha maqbul mexanizm ishlab chiqishga chaqirgan.

Biroq Qozog‘iston hukumati ayni masalada allaqachon samarali tizim ishlab chiqilganini aytadi.

Qozoq rasmiylari jazoni o‘tash muassisalarida kamchiliklar borligini e‘tirof etsalar-da, vaziyat borgan sayin yaxshilanayotganini ta‘kidlashadi.