Qozog‘iston Bosh vaziri nega ijtimoiy muloqot tarmoqlariga buncha o‘ch bo‘lib qoldi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov bir nechta ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochgan. Twitter, facebook, flickr va youtube saytlarida o‘z sahifasini ochgan Bosh vazir janoblari shu orqali xalqqa yanada yaqin bo‘lishni maqsad qilganini aytgan.

Rus tilidan tashqari ingliz, xitoy tillarini biladigan Masimov internetda ancha faolligi aytiladi. Bungacha hukumat saytida o‘z blogini (kundalik) ochgan Bosh vazir boshqa amaldorlarni ham shunga jalb qilgan edi.

“Bugun men Twitter, Facebook, Qozog‘istonning on.kz va llike.kz ijtimoiy tarmoqlarida sahifamni ochdim. Youtube da video ko‘rishingiz mumkin, flickr.com da esa mening vazifam va mamlakatdagi muhim voqealar haqida boxabar bo‘lasiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimni butun dunyodagi va Qozog‘istonlagi odamlar bilan bevosita muloqot uchun imkoniyat deb bilaman. Siz bilan muloqot qilishdan mamnun bo‘laman. Men bilan birga bo‘linglar!”, - deya Bosh vazir Karim Masimov o‘z o‘quvchilarini sahifalariga chorlaydi.

Masimov janoblari har bir sahifasiga o‘tish uchun o‘z blogida link, ya‘ni bog‘ich qoldirgan.

Masimovning facebook dagi sahifasida Bosh vazirning turli rasmiy uchrashuvlarda tushgan rasmlari va turli tadbirlarni boshqargani haqidagi rasmiy xabarlarni o‘qish mumkin.

E‘tiborga molik tomoni ushbu sahifa faqat ingliz tilida yuritilmoqda.

Bosh vazirning twitter dagi sahifasi Masimov tomonidan yozilayapti, degan tasavvur paydo qiladi. Misol uchun u, “bugun men Jahon Islom Iqtisodiy forum rahbari bilan uchrashdim”, - deb birinchi shaxs nomidan yozadi.

Masimovning Qozog‘iston ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalari hozircha faol yuritilmayapti.

Davlat rahbarlari va amaldorlarning ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishi Qozog‘istonda ham ommalashmoqda. Shu kungacha MDH davlatlarida Rossiya prezidenti Medvedov va ayrim deputatlarning twitter kabi qisqa xabarlar chop etuvchi saytlar orqali o‘quvchilar bilan bevosita muloqotga chiqishi kuzatilgandi.

Zamonaviy muloqot texnologiyalardan foydalanish borasida ortda qolmasligini bir necha marotaba ko‘z-ko‘z qilgan Masimovning yangi sahifalari qanchalik davomiy va foydali bo‘lishi mumkinligi borasida turli fikrlar bor.

Olma otalik blogger Ulan Shamshet Bosh vazirning ijtimoiy tarmoq orqali xalqqa yaqinlashmoqchi bo‘layotganini olqishlaydi. Ammo hukumatni yuritayotgan Masimovning internet orqali muloqot qilishga vaqt topishiga shubha bilan qaraydi.

“Misol uchun men Facebook va "Moy mir"dagi sahifamga kelib tushgan maktub va savolllarga javob berish uchun kamida 4 soat vaqtimni ketkizaman. Masimovning davlat ishlaridan chalg‘ib o‘quvchilar bilan shaxsan o‘zi muloqot qilishiga shubha bilan qarayman”, - deydi blogger Ulan Shamshet.

Qozog‘iston internetni nazorat qiluvchi davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatdagi muxolif ruhdagi gazetalarning veb sahifalari turli hujum va taqiqlashlarga uchrab turishi haqida bot- bot gapiriladi.

Livejournal.ru va youtube saytlarining prezident Nazarboyevni tanqid qiluvchi materiallarni joylashgani uchun Qozog‘istonda ochilmay qolish hollari uchrab turadi.

“Erkin internet uchun” harakati tashkilotchilaridan Baxitjan Toregojinaning Bi-bi-siga aytishicha, davlat rahbari Nazarboyev olib borayogan siyosat bilan gohida amaldorlarning qarashlari to‘g‘ri kelmay qoladi.

“Bizda erkin internet cheklansa-da, ayrim amaldorlarning qarashlari ushbu siyosatga mos kelmay qoladigan hollar ham bo‘ladi. Masimovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga kelsak, Bosh vazir bundan oldin ham o‘zining ilg‘or g‘oyalari bilan tilga tushgan. O‘z blogini ochgan va qo‘l ostidagi amaldorlariga ham tavsiya qilgan”, - deydi Baxitjan Toregojina.

Biroq Toregojina xonimning ilova qilishicha, zamonaviy qarashlari bilan birga Masimov janoblari bu ishlarni “xo‘jako‘rsin”ga qilishi o‘tgan vaqt davomida sinalgan.

“Masimov xalqqa internet orqali yaqin bo‘lishini bir necha marotaba e‘lon qilgan bo‘lsa ham, bizning unga blogi orqali qilgan bir necha murojaatlarimiz besamar ketgan. Ko‘targan muammolarimiz javobsiz qolib ketgan”, - deydi "Erkin internet uchun” harakatidan Baxitjan Toregojina.