Xitoy Shinjon Uyg‘uristonini 'xalqaro savdo markazi'ga aylantirmoqchi

Xitoy hukumati olis g‘arbiy mintaqasi bo‘lmish Shinjon Uyg‘uristoni markazi sanalmish Urumchi shahrini 2020 yilga borib "xalqaro savdo markazi"ga aylantirmoqchi.

Xitoy davlat televideniyesining xabar berishicha, rasmiy Pekin shu yo‘l bilan beqaror mintaqasi aholisining ko‘ngliga yo‘l topmoqchi.

Shinjon uyg‘ur avtonom bo‘lgasi 2009 yil iyul oyida qonli milliy nizolarga ham sahna bo‘lgandi.

O‘shanda hanlar va uyg‘urlar o‘rtasidagi zo‘ravon to‘qnashuvlarda 200 dan ko‘proq odam hayotdan ko‘z yumgandi.

Oxirgi yillarda Shinjon uyg‘ur muxtor bo‘lgasida mahalliy uyg‘urlar bilan hanlar o‘rtasidagi taranglik ortib bormoqda.

So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida azaldan uyg‘urlar istiqomat qilib kelgan hududga millionlab xitoylik hanlar ko‘chib borgan.

Hozirgi vaqtga kelib Shinjon Uyg‘uristonining aksar aholisi hanlardan iborat.

Hanlar soni Shinjon poytaxti Urumchi shahrida ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Aksariyat uyg‘urlar mehnat bozorida huquqlari toptalishi va hukumatning Shinjonni rivojlantirish harakatlaridan asosan hanlar foyda ko‘rib kelishlaridan shikoyat etishadi.

Ularga ko‘ra, hukumatning bu kabi tashabbuslari mintaqaga yanada ko‘plab hanlarning oqib kelishlariga zamin yaratadi.

Endi esa, Xitoy hukumati mintaqani taraqqiy toptirib, u yerda yangi ish o‘rinlarini yaratish niyatida ekanini aytmoqda.

"Sinxua" axborot agentligining xabar berishicha, Urumchi "markaziy shahar"ga aylantirilib, naqliyot tizimi yaxshilanadi va "jahon andazalari"ga javob beruvchi ikkita yangi tuman barpo etiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Urumchini markaziy Xitoy bilan bog‘lovchi yangi temiryo‘l, yangi havo terminali va hattoki, yangi aeroport ham quriladi.

Xitoylik mas‘ullarga ko‘ra, "2009 yilgi qonli zo‘ravonliklar ortidan Shinjon uyg‘urmuxtor bo‘lgasini rivojlantirishga jiddiy harakat qilishmoqda".

Ammo "Sinxua" axborot agentligi mintaqaga qancha sarmoya kiritilmoqchi bo‘layotgani yoki rejalanayotgan loyihalardan aniq qay biri uyg‘urlarni ko‘zda tutishi tafsilotlariga to‘xtalmagan.

Shinjon uyg‘ur muxtor bo‘lgasi Xitoy uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Shinjon uyg‘ur avtonom mintaqasi Rossiya va Qozog‘iston doxil markaziy va g‘arbiy Osiyodagi sakkiz davlat bilan qo‘shnidir.

Bo‘lga, bundan tashqari, Xitoydagi eng ko‘p bandargohga ega bo‘lgan hudud ham sanaladi va neftu gaz zaxiralariga nihoyatda boy.

O‘tgan yil oxirida Xitoy yuanь milliy pul birligiga asoslangan chegaraosha sarmoya kelishuvlarini amalda sinab ko‘rish uchun ham birinchi bo‘lib asosan musulmonlar istiqomat qiluvchi Shinjon uyg‘ur avtonom bo‘lgasini tanlaganini e‘lon qilgandi.

Biz rasmiy Pekinning rejasiga oddiy uyg‘urlarning munosabatini bilish uchun ulardan birini suhbatga chorladik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди