Qirg‘iziston yagona Bojxona ittifoqiga qo‘shilishga qaror qildi

Image caption Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida yagona Bojxona ittifoqi o‘tgan yilning iyulida faoliyat boshlagan

Qirg‘iziston hukumati Rossiya, Qozog‘iston va Belarus a‘zo bo‘lgan yagona Bojxona ittifoqiga qo‘shilish rejasini ma‘qulladi.

Ayni paytda Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqiga kirishiga oid muzokaralarni boshlash uchun maxsus komissiya tashkil etilgan.

Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘inida chiqish qilgan Bosh vazir Almazbek Atambayevga ko‘ra, Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan "biz barchamiz to‘satdan paydo bo‘lgan chegaralar bilan bir-birimizdan ajralib qolganmiz".

"Agar biz kelajakda, ayniqsa, Farg‘ona vodiysida tinchlik istasak, hammamiz birlashish yo‘lidan ketishimiz shart. Bu yo‘l esa, Bojxona ittifoqiga a‘zolikdir. Bu keyin yagona iqtisodiy hudud tuzilishi shart ekanini anglatadi. Bojxona ittifoqiga kirish bu - umumiy tashqi chegaralarni yaratish va Qirg‘iziston yakka o‘zi mustahkamlay olmayotgan chegaralarni mustahkamlashdir", - deb aytgan Qirg‘iziston Bosh vaziri.

Shu bilan birga uning aytishicha, Bojxona ittifoqiga qo‘shilishi vatandan tashqaridagi qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari uchun ham qator yengilliklar yaratadi.

"Bu Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilayotgan yarim millionga yaqin qirg‘izistonliklar turmushlari va ish sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lganimizdan so‘ng, mehnat muhojirlarimiz xorijda ishlash uchun mazkur davlatlarda ruxsatnoma olish sharti bekor qilinadi. Hamda qirg‘izistonliklar Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari bilan teng huquqli bo‘lishadi", deb aytgan Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev.

Ammo, Atambayev janoblari Qirg‘izistonning Jahon Savdo Tashkiloti a‘zosi bo‘lib qolishini ta‘kidlagan.

Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida yagona Bojxona ittifoqi o‘tgan yilning iyulida faoliyat boshlagan va yagona bojxona qoidalari ittifoq hududida ishlab chiqarilgan tovarlarni erkin olib o‘tilishi va savdo-sotiqni yanada rivojlantirishga qaratilgani aytilgan.

2011 yil 1 iyulidan ushbu davlatlararo bojxona postlari bekor etilishi rejalangan.

Image caption Ayni paytda Atambayev janoblari Qirg‘izistonning Jahon Savdo Tashkiloti a‘zosi bo‘lib qolishini ta‘kidlagan

Navbatdagi bosqich sifatida yagona iqtisodiy hududni yaratish, savdo mollari, xizmatlar va ishchilarning erkin harakatlanishlarini ta‘minlash ko‘zda tutiladi.

Qirg‘iziston Bosh vaziriga ko‘ra, Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lish bir vaqtning o‘zida Yagona iqtisodiy hududga a‘zolik masalasini ham hal etadi.

Bahsu munozaralar

Avvalroq, Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida yagona Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lishi masalasi Qirg‘izistonning siyosiy va iqtisodiy doiralarida bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Rossiyaparast davlat arboblari tarixiy munosabatlar va har tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun yagona Bojxona ittifoqiga kirish Qirg‘iziston manfaatlariga mos tushishini aytishadi.

Ba‘zi siyosatchilar va iqtisodchilar esa, bu qadam Jahon Savdo Tashkilotiga rasman a‘zo bo‘lib targan bir paytda Qirg‘iziston uchun ziddiyatli ekani va bu davlat manfaatlariga xilof ekanini ta‘kidlashadi.

Ularning fikrlariga ko‘ra, sobiq Sovet Ittifoqi a‘zolari bo‘lgan davlatlarning turli birlashmalari qo‘ygan shartlar va cheklovlar Qirg‘iziston bundan oldin erishgan yutuqlarining puchga chiqarish ehtimoli yo‘q emas.