Qozog‘istonda Islomga bo‘lgan qiziqish tobora kuchayib bormoqda

Image caption Qozog‘istonda so‘nggi yillarda dindorlar soni ortmoqda

Qozog‘istonda Islom dini tez rivojlanayotgani va unga amal qiluvchilar soni yildan yilga sezilarli tarzda oshayotgani aytiladi.

Xalqning Islomga bo‘lgan qiziqishi ortidan bu o‘lkalarga yot bo‘lgan oqimlarning ham kurtak otayotgani kuzatiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, e‘tiborga molik tomoni shundaki, ayrim qo‘shni davlatlar singari Qozog‘iston o‘zgacha fikrlovchilar bilan qamoqxonalarni to‘ldirish orqali emas, tushuntirish va diniy bilimni oshirish orqali kurashishini afzal bilmoqda.

Shahar va tuman markazidagi masjidlarda ochilgan diniy savod oshirish kurslari fikrga dalil o‘laroq keltiriladi.

Diniy savodxonlik

Narinbek 21 yoshda. U Olma ota markaziy masjidi qoshida tashkil qilingan Qur‘on o‘rganish darslariga qatnaydi.

Uch oyning ichida Qur‘on tilovat qilishdan ancha savodi chiqib qolgan.

Narinbek shahardagi korxonalarning birida ishlaydi. Ammo Qur‘onni o‘rganish uchun o‘zida vaqt topa olgan.

"Qur‘onni o‘rganish uchun keldim. Chunki u Allohning so‘zi, yana Islom dinining qonunlari ushbu kitobda yozilgani uchun o‘rganishga keldim. Masjid qoshida o‘quv kurslari ochilganini veb sahifa orqali bildim", - deydi Narinbek.

Image caption Mustafa Yeyjaning Qozog‘istonga kelganiga 3 yil bo‘lgan

Masjidga kelgan vaqtim begim kuni bo‘lib, hali tush bo‘lmagandi. Savod chiqarish darsida 10 ga yaqin turli yoshdagi erkaklar qatnashardi. Ularning orasida endi maktab yoshiga yetganlardan tortib, 70 yoshni qoralagan otaxonlar ham bor edi.

O‘qituvchi esa zmonaviy kiyingan, bo‘yniga galstuk taqqan turk domlasi edi.

Mustafa Yeyjaning Qozog‘istonga kelganiga 3 yil bo‘lgan.

Aytishicha, bu vaqt davomida qozoq tilini ham o‘rgangan. Darslarni qozoq tilida olib boradi.

Yeyjan afandi Olma otaga qozog‘iston musulmonlar diniy idorasi va Turkiya musulmonlar diniy idorasi kelishuviga asosan kelgan.

"Qur‘ondan savod chiqarish dunyo yuzidagi butun odamzodga kerak. Qozog‘istondagi birodarlarimiz ham Alloh rozi bo‘lsin juda ham yaxshi odamlar. Namoz qanday o‘qiladi, ro‘za qanday tutiladi kabi dinning asoslarini o‘rganishga kelishayapti. U oyda InshoAlloh boshlang‘ich ta‘limni beramiz", deydi Mustafa Yeyjan.

Mustafa beyning qo‘l ostida ayni damda 32 talaba bor. Bungacha 200 dan ortiq toliblar savodini chiqargan.

Image caption Islom Markazida ayollar uchun ham diniy saboqlar beriladi

Olma otadagi hozircha eng ulkan bo‘lgan Markaziy masjidning ostki qismida qizlar uchun kurslar tashkil qilingan.

Bu yerda ham turli yoshdagi tolibalar ta‘lim olishmoqda.

Ayollar uyalishgani va turmush o‘rtog‘idan ruxsat so‘ramagani uchun intervьyu berishni istashmadi.

Ammo bir muddat darsida qatnashib su‘ratga olishimga qarshilik qilishmadi.

Borgan vaqtimda qizlarning ustozi Islomdagi makruh ya‘ni taqiqlangan amallardan dars berardi.

Qozog‘istonda bugunga kelib masjidlarning soni 2300 dan ortib ketdi. Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi shahar va tuman markazidagi har bir masjid qoshida mana shunday diniy savod ochirish kurslarini ochib qo‘ygan.

Bu kurslarda ta‘lim olish tekin bo‘lib, unda arab tilidan savod chiqarishdan tortib, tajvid, Qur‘on, fikh va aqida masalalari o‘rgatiladi.

Diniy oqimlar

Qozog‘iston musulmonlar diniy idorasi diniy oqartiruv bo‘limi rahbari Abdumutallib Davronbekovning Bi-bi-siga aytishicha, Qozog‘istondan bundan tashqari 9 madrasa va bir Islom universiteti faoliyat yuritadi.

Madrasalarni ochishga ruhsat berilganiga endi 3 yil bo‘lgan. Ularning soni tez orada bundanda o‘sishi aytilmoqa.

Image caption Abdumuttallib Davronbekovning aytishicha, Qozog‘istonga diniy oqimlarning kirib kelishida hikmat bor

"Diniy savod kurslarimizda namoz, ro‘za, zakot kabi farzlarni ado etaman degan kishilarga qanday qilib Islomning talablarini, Allohning huzurida maqbul bo‘lgan ko‘yda yashash va amal etishni o‘rgatadi", deydi Abdumutallib Davronbekov.

Abdumutallib akaning ilova qilishicha, diniy savod kurslarining ochishdan asosiy maqsadlardan biri Qozog‘istonga kirib kelgan turli diniy oqimlarga yoshlarning kirib ketishining oldini olish bo‘lgan.

2000 yillardan so‘ng Qozog‘istonda "Salafiy", "Quro‘nchi" va "Hizbut tahrir" kabi aqida egalari faollashgan.

Diniy savod kurslari mana shu oqimlarga yoshlarning kirib ketmasligini ta‘minlash va ularga Hanafiy mazhabining to‘g‘ri yo‘l ekanligini eslatishga qaratilgan.

"Hozir, biz hamma narsaga faqat Qur‘on bilan hukm chiqarishimiz kerak, deguvchi "Qur‘onchilar" chiqayapti. Bizga mazhabning keragi yo‘q. Aqida borasida Qur‘onda nima yozilsa shunga amal qilamiz, deguvchilar bor. Buning hammasi odamlarni adashtirishga olib boradi. Ikkinchidan xalqimiz orasida fitna tug‘diradi", deydi Abdumutallib Davronbekov.

Abdumutallib akaga ko‘ra, bunday oqimlarning Qozog‘istonga kirib kelishida hikmat bor.

"Mana shu oqimlar sabab biz dinimizni, mazhabimizni yanada chuqurroq o‘rganishga, o‘rgatishga va ilmimizni charxlashga erishdik. Mazhabimizdagi dalilar eng kuchli ekaniga yana bir bor amin bo‘layapmiz", - deydi u.

Savod oshirish kurslariga yoz oylarida talabalarning ko‘proq kelishi aytiladi.

Ayni shu vaqtda o‘quvchilar yozgi dam olishga chiqishadi va bo‘sh vaqti ko‘proq bo‘ladi.

Minglab o‘quvchilarga aynan yoz oylarida ilm beriladi.