Putin: 'Kelayotgan 10 yilda Rossiyaga eksperimentlar kerak emas'

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Rossiya bosh vaziri Vladimir Putin mamlakat parlamentining quyi palatasi-Dumada hukumat faoliyatiga doir yillik hisobot nutqi bilan chiqqan.

Putinning chiqishi, shu yil dekabrida o‘tadigan parlament saylovlari oldidan so‘nggi hisobot sanaladi.

U o‘z nutqida so‘nggi yillarda iqtisodiyot va aholining faravonligi yo‘lida hukumat erishgan yutuqlarga batafsil to‘xtalgan.

Janob Putinning aytishicha, iqtisodiy inqirozga qaramay, Rossiya yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi oxirgi uch oyda qariyb 4.5 foizni tashkil etgan.

Rossiya bosh vaziri asosiy e‘tiborni ta‘lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya hamda yaqin yillarda iqtisodiy bo‘hrondan chiqish masalasiga qaratdi.

Janob Putinning fikricha, Rossiyada yangi iqtisodiy rivojlanish modeli yaratish lozim.

Unga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotining o‘sishi faqat neftdan tushgan daromadga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak.

Bosh vazir harbiylar, urush qatnashchilari, ta‘lim va tibbiyot sohalari xodimlari maoshlarining oshirilishini ham e‘lon qildi.

Vladimir Putin 2020 yilga kelib, Rossiya dunyoning beshta yirik iqtisodi qatoridan o‘rin olishi kerakligini aytdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, kelayotgan 10 yilda Rossiyaga "o‘zini oqlamagan liberalizm va ijtimoiy demagogiyaga asoslangan" eksperimentlar kerak emas.

Bu bilan Putin yana bir marta iqtidordagi tandemda o‘zini an‘anador yo‘nalish vakili sifatida taqdim etgan.

Saylovoldi hisoboti

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Putinning hisoboti Rossiyada parlament va prezidentlik saylovoldi kurashi boshlanganini anglatadi.

Kelasi yili o‘tadigan prezidentlik saylovlari borasidagi asosiy savol unda kimning ishtirok etishidir.

Ham Putin va ham Medvedev o‘z chiqishlarida prezidentlik saylovlarida qatnashishlari mumkinligiga ishora etishgan.

"Yagona Rossiya" partiyasi faollaridan biri prezidentlik saylovlarida Vladimir Putin nomzodini ilgari surishlarini aytgan.

Janob Putin iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasining rahbaridir.

Duma deputatlarining qariyb 70 foizi ayni partiya a‘zolaridan iborat.

Omma so‘rovlari

Omma so‘rovlari har ikki rahbardan qaysi biri nomzodlikka maqbulroq, degan fikrda Rossiya fuqarolari ikkiga bo‘lingani ko‘rsatmoqda.

Ba‘zilarga Putin yaqinroq bo‘lsa, boshqalar Medvedevning yana bir muddat prezident bo‘lishini xohlashadi.

Shu bilan birga ko‘pchilik rossiyaliklar ikkovlonni hanuz "yagona" siyosatchi sifatida ko‘rishadi va ulardan qay birining bo‘lajak prezidentlik saylovlarida qatnashishiga unchalik e‘tibor ham bermaydilar.

So‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning aksariyati prezident va bosh vazir siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.