Rashtda kechgan to‘qnashuvlar joyida "Ansorulloh Jamoati" bayrog‘i topildi

Image caption Tojikiston Xavfsizlik Kuchlari Abdullo Rahimov jasadini Davlat televideniyesi orqali namoyish etganlar

Tojikiston sharqida hukumat kuchlari va qurolli Islomiy guruh o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar sahnasida "Ansorulloh Jamoati" so‘zlari bitilgan qora bayroq topilgan.

Bu haqda Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi ma‘lum qilgan.

Xavfsizlik qo‘mitasi shuningdek Mullo Abdullo nomi bilan mashhur Abdullo Rahimov guruhiga qarshi 14-16 aprel kunlarida o‘tkazilgan amaliyot jarayonida 16 jangari o‘ldirilganini bildirgan.

Hukumat kuchlari amaliyoti Rasht vodiysida joylashgan Nurobod tumanining tog‘li Samsoriq mintaqasida o‘tkazilgan.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining jamatchlik bilan ishlash bo‘limining boshlig‘i Nozirjon Bo‘riyev BBC bilan suhbatda halok etilgan ba‘zi jangarilarning shaxsi aniqlanganini aytdi.

Jumladan, ular orasida Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida birlashgan muxolifatning taniqli dala qo‘mondonlaridan biri 61-yoshli Mullo Abdullo jasadi ham bo‘lgan.

Nozirjon Bo‘riyevning qo‘shimcha qilishicha, hukumat kuchlari tomonidan halok etilganlarning aksari Nurobod tumanidan bo‘lishgan.

Qurolli to‘qnashuvlar yuz bergan joyda xavfsizlik kuchlari katta miqdorda qurol-aslaha, portlovchi moddalar, oziq-ovqat hamda diniy adabiyotlar va portlovchi moddalarni tayyorlash bo‘yicha qo‘llanmalarni topganlar.

Nozirjon Bo‘riyevga ko‘ra, ayni joyda "Ansorulloh Jamoati" so‘zlari bitilgan qora bayroq ham topilgan.

"Ansorulloh Jamoati" nomi ilk bor o‘tgan yil sentyabrida Xo‘jand shahrida sodir etilgan xudkush bomba hujumi ortidan tilga olingandi.

bu yerga bosing O‘shanda o‘zini "Ansorulloh Jamoati" deb tanitgan noma‘lum Islomiy guruh Xo‘jand shahar Ichki ishlar idorasiga uyushtirilgan hujum uchun mas‘uliyatni zimmasiga olgandi.

Biroq Tojikiston xavfsizlik mulozimlari mazkur guruh da‘volarini rad etib, O‘zbekiston Islomiy Harakatini Xo‘janddagi hodisaga aloqadorlikda ayblagan edi.

Ayni damda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi so‘zchisi Mahmadullo Asadulloyev BBCga Rasht mintaqasidagi harbiy amaliyotlar nihoyasiga yetib, hukumat kuchlari o‘z qarorgohlariga qaytishganini aytdi.