Kimmo Kilyunin matbuotga sizgan parchalar o‘z hisobotlaridan emasligini aytmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Qirg‘iziston janubida o‘tgan yilning iyun oyida yuz bergan milliy nizolar yuzasidan tergov olib borgan xalqaro mustaqil hay‘at rahbari Kimmo Kilyunin matbuotga sizib chiqqan parchalar o‘z hisobotlaridan ekanini rad etgan.

Qirg‘izistondagi mahalliy axborot agentliklari kecha dushanba kunidan boshlab xalqaro mustaqil hay‘at hisobotidan parchalar ekanini aytib, ularni chop etishni boshlashgandi.

Ularda iyun oyidagi zo‘ravonliklarda qurbon bo‘lganlarning aksariyati etnik o‘zbeklar ekani, ularning uylariga ataydan o‘t qo‘yilgani va talonchilar tomonidan ham mol-mulklari talon-taroj qilingani aytiladi.

Bundan tashqari, milliy nizolar chog‘ida qirg‘iz jamoasining ham jabr chekkani xususida so‘z boradi.

Hisobotdan matbuotga sizib chiqqani aytilgan parchalarda, shuningdek, muvaqqat qirg‘iz hukumati qonli mojaroning oldini ololmaganlikda ham ayblanadi.

Olomon qurol-yarog‘ va zirxli harbiy ulovlarini tortib olarkan, harbiylar tomonidan deyarli qarshilik ko‘rsatilmagani ham aytiladi.

Bugun Qirg‘iziston rasmiylari ham 24kg axborot agentligi tomonidan e‘lon qilingan parchalarning haqiqatdan ham xalqaro komissiyaga tegishli ekanini rad etib chiqishgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi prezidentining muovini boshchiligidagi xalqaro mustaqil hay‘at o‘tgan yili qirg‘iz hukumatining so‘rovi bilan iyun qirg‘inini o‘rganishga kirishgandi.

Hay‘at xulosasining shu yil yanvar-fevral oylarida e‘lon etilishi kutilgan, ammo keyin mart oyiga kechiktirilgan, mart oyiga kelib esa, qirg‘iz hukumatining o‘rganib chiqish uchun ko‘proq vaqt berishga oid so‘rovi ortidan esa, aprel, may oyiga qolib ketgan.

Janob Kilyuninning so‘nggi bayonotiga ko‘ra, xalqaro mustaqil hay‘atning tekshiruv natijalari kelasi hafta e‘lon qilinadi.

Qirg‘iziston janubida etnik o‘zbeklar va qirg‘izlar orasida yuz bergan qonli to‘qnashuvlarda minglab kishilarning qurbon bo‘lganliklari va minglab uy-joyu binolarning vayron etilgani aytiladi.

Xalqaro va mahalliy inson huquqlari faollari milliy nizolar chog‘ida jabr ko‘rganlarning aksariyati o‘zbeklar ekanini ta‘kidlashadi.

Qirg‘iziston voqealari yuzasidan xalqaro mustaqil hay‘atdan tashqari, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi qator inson haqlarini saqlash tashkilotlari ham o‘z tekshiruv ishlarini olib borishgandi.

Ular tomonidan e‘lon qilingan hisobotlar esa, qirg‘izistonlik siyosatchilar tomonidan bir xilda qarshi olinmagan.

Iyun oyida yo‘qolgan qurol topilgan

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, O‘sh mintaqasi yashovchisidan iyun oyidagi g‘alayonlar chog‘ida yo‘qolgan "Kalashnikov" rusumidagi avtomat topilgan.

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, qurol mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasining chegara bo‘linmasiga tegishli bo‘lgan.

Qora Suv tumanida yashovchi shaxsning ismi sharifi yoki millati ochiqlanmagan.

Hozir avtomatning qanday qilib uning qo‘liga tushib qolganini aniqlash uchun tergov jarayoni boshlangani aytiladi.

Bundan tashqari, xabarlarga ko‘ra, Issiq-Ko‘l viloyatining Cho‘lpon-Ota shahrida ham avval yashirilgan qurol-yarog‘ saqlangan joy topilgan.

Ichki Ishlar vazirligi matbuot xizmatiga binoan, gazlama tugunchaning ichida "Kalashnikov" avtomati, granata, taxminan yuzta o‘q-dori va ikkita qora niqob bo‘lgan.

Qurol-yarog‘ni tekshirganda, AKS-74 avtomati 1993 yilning 13 iyulida Tojikistondagi harbiy bo‘linmadan o‘g‘irlangani aniqlangan.

Shu hodisa tufayli jinoiy ish qo‘zg‘alib, tergov amallari yuritilmoqda.