'O‘shda o‘zbekning o‘z bozori, qirg‘izning o‘z bozori bor'

Image caption Har bir jamoa o‘ziga bozor tashkil etgani ishonchsizlik nishonasi

O‘sh shahrida istiqomat qiladigan insonlar mahalliy o‘zbeklar bilan qirg‘izlar o‘rtasidagi ishonchsizlik hamon saqlanib qolayotganini aytadilar.

Buni shaharning turli mavzelarida yangi-yangi bozorlar paydo bo‘lganida ko‘rish mumkin.

O‘shliklarning BBC bilan suhbatlarida aytishlaricha, shaharning mahalliy aholi "Kalinin ko‘cha" deb ataydigan qismida, "O‘n adir"da 2010 yil iyun oyidagi qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlardan keyin yangi dehqon va buyum bozorlari tashkil etilgan.

"Hozir "Bir adir"ning o‘zining bozori bor, "Zapadniy"da alohida bozor ochilgan, OblGAI tomon, Navoiy ko‘chasidagi odamlar o‘zlari bozor ochib olishgan. O‘zbek alohida, qirg‘iz alohida", deydi o‘shlik Muazzam opa.

"Lekin o‘zbeklar yangi oshxona, somsaxonalar ochishayapti. O‘sha tamaddixonalarga ham boshqa millat vakillari ovqatlanishga kirib turishipti. Birovning birovga ishi bo‘layotgani yo‘q", deydi Muazzam opa.

Bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o‘tgan yilning bahor oylariga solishtirganda qimmatligi kuzatilayapti.

"Bir kilo sabzi 35-40 somga chiqib ketdi. Sabzi ham shuncha qimmat bo‘lganmi hech zamonda?", deydi o‘shlik Manzura opa.

Shu kecha-kunduzda 1 AQSh dollari qariyb 47 Qirg‘iziston somi qiymatida baholanayapti.

Bunday sharoitda odamlar qanday ro‘zg‘or tebratishayapti, degan savolga, ko‘pchilik bolalarini Rossiyaga chiqarib yuborgan, deya javob qaytaradi Manzura opa.

Rossiyada mehnat muhojiriga aylanganlar ko‘plab o‘zbek oilalarining yagona daromad manbai bo‘lib turiptilar.

Qirg‘iziston rasmiylari qonli hodisalardan keyin o‘n minglab o‘zbeklarning Rossiyaga chiqib ketganini aytganlar.

O‘shliklar uylari kuygan, vayron bo‘lgan kishilarga xalqaro tashkilotlar katta yordam ko‘rsatganini aytishadi.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti, AQShning USAID, mahalliy "Mehr-shafqat" tashkiloti ko‘maklari bilan xonadonlari vayron bo‘lganlar ikki xonadan iborat uylar qurib olishgan.

"Uyni qurib olish hech narsa emas. Tinchlik bo‘lsa, ko‘chada uxlab bo‘lsa ham kunni o‘tkazsa bo‘ladi. Lekin o‘lganlarni kim tiriltirib beradi", deydi o‘shlik onaxonlardan biri.

Onaxon o‘tgan yilgi dahshatli hodisalar, insonlarning o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlari insonlarning salomatligiga jiddiy putur yetkazganini aytadi.

"O‘sha voqealar tufayli kimdir infarkt bo‘lib olamdan o‘tdi, mahallamizda kimningdir yurak xuruji tutadigan bo‘lib qoldi, kimningdir qon bosimi ko‘tarilib ketadigan bo‘lib qoldi. Bu kunni hech kim unuta olmaydi. Mana 70 yil oldin Germaniya fashistlari mamlakatimizga hujum qilganlari uchun hozirgacha nemis-fashistlarini yomon ko‘ramiz-ku. Qancha zamonlar o‘tib ketgan bo‘lsa ham bir umr esimizdan chiqmaydi", deydi o‘shlik ayol.