Ovro‘poliklar tashrifi Turkmanistondagi inson haqlari ahvolini yaxshilaydimi?

Image caption Annaqurbon Amanqilichevning ahvolidan rafiqasi to‘rt yil davomida bexabar qoldi

Turkmaniston dunyoning eng repressiv diktatorligi hisoblanadi, shunday ekan Ovro‘po Ittifoqi nima uchun Markaziy Osiyoning bu mamlakati bilan yaqin iqtisodiy munosabatlarga intilmoqda?

Qariyb to‘rt yil mobaynida Selbi Amanqilicheva turmush o‘rtog‘ining taqdiridan bexabar edi, u qayerda, tirikmi o‘zi?

Inson huquqlari himoyachisiga aylangan geografiya o‘qituvchisi Annaqurbon Amanqilichev haqida ma‘lumot berish haqidagi barcha so‘rovlarni rasmiylar rad etdilar. Uning rafiqasi jamoatchilik oldida Annaqurbonning nomini tilga olmaslik lozimligi haqida ogohlantirildi.

Nihoyat turmush o‘rtog‘i u bilan ko‘rishishga muvaffaq bo‘lganda, Annaqurbon Kaspiy dengiziga yaqin sahrodagi taniqli qamoqxonada saqlanayotgan edi.

"Bu juda hayajonli uchrashuv bo‘ldi", deydi Turkmaniston Xelsinki jamg‘armasi asoschisi Tojigul Begmetova. "Annaqurbon tanimas bo‘lmas darajada ozib ketgan edi".

Uning taqdiri Turkmanistonga shu haftada safar qilgan Ovro‘po Parlamenti a‘zolari ko‘targan masalalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Men Annaqurbon Amanqilichev bilan 2005 yil kuzida Turkmanistonga safarim chog‘ida ko‘rishgan edim, men jurnalist ekanligimni rasmiylardan yashirgan - maqsadim XXI asrning eng repressiv diktatorligi hukmronligi ostida yashash qandayligini o‘rganish edi.

Annaqurbon menga poytaxt Ashxobod bo‘ylab safarimda hamrohlik qilgan, radiolavhalar tayyorlashimda ko‘maklashgan edi.

"Sotqinlar"

Uning eski avtomobilida biz Ashxobodning hashamatli binolari va oltin haykallaridan uzoq qarovsiz mahallariga borgan edik.

2006 yil iyunida, mening Turkmanistonga safarimdan olti oy o‘tib, Annaqurbonni frantsiyalik tasvirga olish guruhi bilan birga ishlayotgan paytida hibsga olishdi. Boshida u hamda yana bir faol Sapardurdi Hojiyevni josuslikda ayblashdi. Keyin ayblovlar o‘qotar qurol-yarog‘ni noqonuniy qo‘lga kiritish aybloviga almashtirilgan.

Amanqilichev oilasi a‘zolarining aytishicha, Turkman xavfsizlik xizmatlari uning avtomobili ichiga o‘qlarni tashlab qo‘ygan. Yopiq o‘tgan mahkamalarga qarindoshlarning kirishiga ruxsat berilmagan.

Turkman davlat televideniyesi faollarni "jamoatchilik noroziligini uyg‘otish maqsadida tuhmat axborotni yig‘ishda" aybladi, ularga yetti yillik qamoq jazolari tayinlandi.

Image caption Turkman qamoqxonalaridagi ahvol ayanchli deb ta‘riflanadi

Turkmanboshi shahri yaqinidagi qamoqxonadagi ahvolni ayanchli deb ta‘riflashadi, jazo muassasasi muntazam mahbuslar bilan to‘lib-toshgan, oziq-ovqat, dori-darmon va toza ichimlik suvi yetishmaydi.

Bu joyning ob-havosi ham juda og‘ir, qishda havo harorati minus 20 gacha tushib ketadi, yozda esa 50 darajadan oshadi.

O‘tgan yili muhojirotdagi Turkman faollari e‘lon qilgan hisobotda bu qamoqxonada mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalari orasida o‘lim hollari eng ko‘pqayd etilgan. Mahbuslarning sil va boshqa yuqumli xastaliklardan vafot etgani ham aniqlangan.

Annaqurbonni hibsga olishganidan keyin o‘qituvchi rafiqasini ishdan haydashgan, to‘ng‘ich farzandini Ashxoboddagi maktabdan chiqarib yuborishgan. Annaqurbonning boshqa qarindoshlari ham ishlaridan ayrilganlar.

Kun ko‘rish maqsadida uch farzandning onasi uyida borini chiqarib sotishga majbur bo‘lmoqda. Uni Turkman maxfiy politsiyasi - MNB agentlari davomli ravishda ta‘qib etib keladilar.

Yangi hibslar

"Ular bizning mamlakatimizda bartaraf etilishi kerak bo‘lgan kamchiliklar kam ekanligini ko‘rsatishni istaydilar va bunga rasmiylarning o‘zilari ham qo‘shiladilar. Ijtimoiy masalalar va ta‘lim tizimidagi hamda tibbiyot sohasidagi muammolar haqida gapirish vatanga xiyonat hisoblanmaydi", deydi Tojigul Begmetova.

Ko‘pchilik umrbod prezident Saparmurod Niyozovning o‘limidan keyin Turkmanistonda o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilgandi. Uning siyosiy vorisi Gurbanguli Berdimuhamedov 2006 yil dekabrida hokimiyatga kelganida qator siyosiy mahbuslarni ozod etgan edi.

Shundan keyin Turkman hukumati boshqa ishlarni ham qayta ko‘rish chiqish chaqiriqlarini rad etib keladi, hatto siyosiy mahbuslar mavjudligini tan olmaydi. Hozirgi paytda qamoqxonalarda siyosiy ayblar bo‘yniga qo‘yilgan qancha odam borligi ham noma‘lum.

O‘tgan oy qator fuqarolik jamiyati faollari hibsga olindi, ular orasida 80 yoshli "Ozod Ovro‘po" radiosining hamkori ham bo‘lgan, uni ruhiy shifoxonaga yotqizishdi.

Image caption Turkmaniston Xelsinki jamg‘armasi asoschisi Tojigul Begmetova Bulg‘oristonda muhojirlikda yashaydi

Ovro‘po Parlamenti a‘zolaridan iborat hay‘at Turkmanistondagi inson huquqlari vaziyatini baholash va Ovro‘poning bu mamlakat bilan savdo-sotiq aloqalarini chuqurlashtirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Ashxobodga yetib bordilar.

Iyun oyida Ovro‘po Parlamenti Sheriklik va Hamkorlik kelishuvi uchun ovoz beradi.

Bu bitim Ovro‘po uchun Turkmanistonning boy gaz zahiralariga yo‘l ochishni nazarda tutadi. Ovro‘po Ittifoqining asosiy diplomati baronessa Ketrin Eshton ushbu g‘oyaning qat‘iy tarafdoridir.

O‘tgan yil noyabrida Eshton xonim Turkmaniston bilan bu kelishuv qadriyatlar, shu jumladan inson huquqlarini ham yaxshilashda qo‘shimcha dastak bo‘lishini" aytgan edi.

Biroq Finlandiyaning Yashil partiyasi a‘zosi va Turkmanistonga borgan hay‘at a‘zosi Xeydi Hautala bunga ishonchsizlik bilan qaraydi.

Markaziy Osiyo safariga yo‘l olishdan oldin gapirgan Hautala xonim Turkmanistonda inson huquqlari hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi ta‘minlanishiga umid kamligini aytgan.

Turkman hukumati rasmiylari va Prezident Berdimuhamedov bilan uchrashuvlardan tashqari ovro‘polik parlament hay‘ati siyosiy mahbuslar bilan uchrashishni so‘ramoqchi. Hay‘at a‘zolari Amanqilichev va Hojiyev saqlanayotgan qamoqxonaga kirishga ruxsat berilishiga ishonmaydilar.

O‘tgan yili BMT bu faollarning tutqunlikda saqlanishi xalqaro qonunlarning poymol etilishi deya bayonot tarqatgan edi. Bunga javoban Ashxoboddagi AQSh elchixonasiga ularning tibbiy ahvoli haqida qisqa ma‘lumot yuborilgan.

Begmetovaning so‘zlariga ko‘ra, Selbi Amanqilicheva tashqi bosimlar, xususan, Ovro‘p Parlamenti bosimidan keyingina turmush o‘rtog‘i bilan ko‘risha olgan.

Siyosiy mahbuslarning yaqinlari Ovro‘po Parlamenti a‘zolarining Ashxobodga tashrifi ularning "inson huquqlariga sodiqligini namoyish etadi" va "quruq gaplardan ko‘ra" Turkman hukumatiga bosim ko‘rsatadi, deb umid qiladilar.