Qirg‘iziston Oliy mahkamasi sobiq prezident himoyachisi so‘rovini qondirmadi

Image caption Qirg‘iziston sobiq prezidenti joriy paytda Belarus poytaxti Minskdan boshpana topgan

Qirg‘iziston Oliy mahkamasi mamlakat sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiyev himoyachisining mijozi va yana uning 27 nafar hamkorlari ustidan mahkama jarayonini olib borayotgan hakamni almashtirish so‘rovini rad etgan.

Mahkama jarayoniga 18 martdan boshlab Damir Onolbekov hakamlik qilib keladi.

Janob Bakiyev himoyachisi Damir Onolbekovning fuqaroviy hakam ekani, shu sababdan ham, harbiy mahkamada borayotgan ishni olib borishga haqli emasligini aytib, Qirg‘iziston Oliy mahkamasiga shikoyat arizasi bilan chiqqandi.

Ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayoni 18 aprel kuni davom etishi kutilgan esa-da, aynan himoyachining so‘rovi sabab, noma‘lum muddatga qoldirilgandi.

Qirg‘iziston Oliy mahkamasi ham mahkama jarayonining qachon qayta boshlanishi xususida bir so‘z demagan.

Sobiq prezident va mulozimlarining o‘tgan yil noyabr oyida boshlangan mahkama ishi katta tanaffuslar bilan kechmoqda.

Mahkama jarayoni ilk bor 30 noyabr kuni, mahkama ishi borayotgan Sport saroyi yaqinida yuz bergan portlash sabab, to‘rt oyga kechiktirilgan va 18 martda qayta ish boshlagandi.

Ayblanuvchilar o‘tgan yil aprel oyida Qirg‘izistonda kechgan ommaviy namoyishlar chog‘ida yuz bergan qonli to‘qnashuvlarga aloqador ayblarda ayblanishadi.

Tinch namoyishchilarga o‘t ochishga buyruq berish yoki ularni o‘qqa tutishda ayblanayotganlar orasida janob Bakiyevdan tashqari, uning ukasi, o‘g‘illari, sobiq Bosh vazir, ichki ishlar vaziri va davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi ham bor.

Aynan 2010 yilning 7 aprel kuni kuzatilgan aksilhukumat namoyishlari ortidan janob Bakiyev prezidentlik vakolatini topshirishga majbur bo‘lgandi.

Bishkekdagi Hukumat uyi qarshisida yuz bergan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida 80 dan ortiq kishining qurbon bo‘lgani aytiladi.

Qidiruvda yoki muhojiratda ekanliklari sabab, hozir Minskdan boshpana topgan janob Bakiyev doxil aksariyat sobiq amaldorlar ustidan mahkama jarayoni sirtdan olib borilmoqda.