Olma otada 2 mingga yaqin odam xususiy yerni bosib olmoqchi bo‘lgan

Olma ota shahri chetidagi Duman mikro tuman yonida 2 mingga yaqin odam xususiy yerni bosib olmoqchi bo‘lgan. Politsiya ularning 200 dan ortig‘ini ma‘muriy javobgarlikka tortgan. Bir qism tartibbuzarlar esa, tergov maqsadida hibsda ushlab turilibdi.

Huquq-tartibot organlariga ko‘ra, 1 may kuni shahardan chiqaverishdagi Olma ota viloyatiga qarashli 40 gektarcha yerni uysiz fuqarolar noqonuniy ravishda bosib olishgan.

Yer xususiylashtirilgan bo‘lgan va politsiya kuch ishlatish yo‘li bilan bosqinchilarning bir qismini hibsga olgan, qolgani tarqatib yuborilgan.

Huquq himoyachilari esa, shahardagi uysiz fuqarolar hokim bilan tinch maqsadda uchrashish uchun yig‘ilganini aytmoqda.

Huquq himoyachisi Vadim Kuramshinga ko‘ra, uysiz odamlar ochiq maydonni hukumat bilan muloqot uchun tanlashgan.

"Aktsiya boshlanishida u tinch o‘tayotgandi. Hamma viloyat hokimi bilan uchrashishni kutayotgandi. Yer ajratish bo‘yicha dastur ishlaydi, ammo yerni olishning deyarli imkoni yo‘q. To‘planganlar ushbu masalaga oydinlik kiritib olishni istagandi," deydi Vadim Kuramshin.

Voqea guvohi bo‘lgan jurnalistlarning aytishlaricha, to‘planganlarning ichida spirtli ichimliklar tarqatilgan va ayrim kishilar politsiya kelishidan oldin toshlar to‘plagan.

“Ko‘p odamlar ichib, mast bo‘lib qolgandi. Politsiyani haqorat qilishdi. Keyin huquq-tartibot organi xodimlariga tosh otishib, beboshlik qilishdi," deydi Olma ota viloyat Ichki ishlar departamenti rahbar o‘rinbosari Quvatjan Nugurbekov.

Nugurbekov janoblariga ko‘ra, yig‘ilganlar kaltaklanishmagan. Ularni kuch bilan itarib, hududdan chiqarishgan, 200 tacha odamni esa hibsga olishgan. Politsiya mas‘uli tarqatilganlar orasida jarohat olganlar yo‘qligini aytdi.

Huquq himoyachisi Vabim Kuramshinga ko‘ra esa, kuch ishlatish oqibatida bir necha odam shifoxonaga yotqizilgan.

Ayni damda yer uchastkasi atrofida namoyishchilar yo‘q bo‘lsa-da, maxsus kuchlar joylashtirilgan. Politsiya tartibbuzarliklarning qaytalanishidan xavotirda. Maxsus kaska kiygan va rezina to‘qmoqlar ushlab olgan kuch ishlatar tizimi xodimlari hududni o‘rab turibdi.

Otliq politsiyachilarni ham ko‘rish mumkin. Hudud ichkarisida 8 ta avtobus turibdi. Guvohlarga ko‘ra, avtobuslarda maxsus kuchlar keltirilgan. Avtobusga suyab qo‘yilgan politsiyaning maxsus qalqonlarini ko‘rish mumkin.

Qozog‘istonda yerni noqonuniy ravishda bosib olish hollari uchrab turadi. Nisbatan qashshoq bo‘lgan boshqa hududlardan kelgan qozog‘istonliklar boy hisoblanmish Olma ota shahriga yaqinroq bo‘lishni istashadi.

Ammo Olma ota shahri atrofida yerlarning deyarli xususiy qo‘llarga sotib yuborilgani bois keluvchilarga ko‘p hollarda yer berilmaydi.

Bungacha Duman, Shaniraq mitti tumanlari ham yerlarga o‘zboshimchalik bilan o‘rnashib olish natijasida yuzaga kelgan.

Jamoatchilikning bosimi ortidan hukumat ushbu tumanchalardagi yerlarni odamlarga arzimas pulga qonuniy qilib berishga majbur bo‘lgandi.

Sobiq poytaxt bo‘lmish Olma ota Markaziy Osiyoning eng qimmat shahari hisoblanadi. Qozog‘istonning iqtisodiy poytaxti deb ataladigan ushbu shaharda juda ham katta kapital aylanishi aytiladi. Bir kvadrat metr uylar bu yerda 1. 500 AQSh dollaridan boshlanadi.