O‘sh viloyat markazida 'Interfaks' muxbiri kaltaklab ketilgan

Image caption Jyldyz Bekbayevaning hanuz og‘ir ahvolda O‘sh shahar shifoxonasida ekani aytiladi

Bugun dunyo bo‘ylab nishonlanayotgan Jahon matbuot kuni arafasida Qirg‘izistonning janubiy O‘sh viloyati markazida Rossiyaning nufuzli "Interfaks" axborot agentligi muxbiri Jyldyz Bekbayeva kaltaklab ketilgan va og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Hodisa 1 may kuni yuz bergani, Jyldyz Bekbayevaning ahvoli hanuz o‘nglanmagani va O‘sh shahar kasalxonasining nevroxirurgiya bo‘limida ekani aytiladi.

Jyldyzning o‘ziga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat birlar atrofida shahardagi o‘zi yashaydigan ko‘pqavatli uy yaqinida ichida to‘rt yo‘lovchisi bo‘lgan noma‘lum mashina ikki yashar qizi bilan ikkovlarini urib ketishiga ozgina qolgan.

Shundan so‘ng mashina to‘xtagan va undan chiqqan ikki erkagu ikki ayol Jyldyzni kaltaklay ketishgan.

Ular toki mahalliy militsiya xodimi va "Tez yordam" xodimlari yetib kelgunlaricha, kaltaklashdan to‘xtashmagan.

Xabarlarga ko‘ra, shundan so‘ng jurnalist og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan.

Mahalliy axborot agentliklarining O‘sh shahar Bosh shifokori Abdujalil Muratovdan iqtibos keltirishicha, Jyldyz Bekbayevaning bosh miyasi lat yegan, miyasi chayqalgan, tanasining turli qismlari va ko‘krak qafasi jarohatlangan.

Ammo oradan ikki kun o‘tganiga qaramay, hujumchilarning hamon qo‘lga olinmaganliklari xabar beriladi.

Jyldyz Bekbayeva mahalladoshlaridan ayrimlari hujumchilarni tanishsa ham, militsiya xodimlari hanuz ularni topishni uddasidan chiqolmaganliklarini aytadi.

Uning xavotirlanishicha, "oila a‘zolarining xavfsizliklari ham ta‘minlanmagan".

Hujum sababi noma‘lum, jurnalistning o‘zi ham bu borada biror bir taxminga ega emasligini bayon qilgan.

Qirg‘iz muxolifatining da‘vo qilishicha, 2006 yildan buyon Qirg‘izistonda 60dan ortiq jurnalistga hujum qilingan, ular tahdid ostiga olingan, qo‘rqitilgan va yo o‘ldirilgan.

Ammo hukumat bu raqamlarni savol ostiga oladi va jurnalistlarga qarshi hujumlarning aksari ularning kasbiy faoliyatiga bog‘liq emasligini aytadi.

So‘nggi yillarda jurnalistlarga qarshi hujumlarning ortayotgani Qirg‘izistondagi matbuot erkinligi yuzasidan xalqaro miqyosda xavotirlarni uyg‘otgan.

Qirg‘izistondagi vaziyat o‘tgan yaqin yillar ichida Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Ovro‘po Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlarining alohida e‘tiborlariga tushgan.

Ammo Qirg‘iziston prezidenti idorasi hukumat har bir hodisa bo‘yicha to‘laqonli tekshiruvlar olib borilishini ta‘minlash uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rayotganini aytib keladi.

O‘z vaqtida Markaziy Osiyodagi "demokratiya oroli" sifatida tanilgan Qirg‘iziston yaqinda xalqaro "Fridom Hauz" tashkilotining "erkin bo‘lmagan" davlat ro‘yxatiga ham kiritilgandi.