OXHT Qirg‘iziston janubida yangi mojarolarning oldini olish ishlariga bosh qo‘shmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti o‘tgan yili qonli milliy nizolarga sahna bo‘lgan Qirg‘iziston janubida yangi mojarolarning oldini olish uchun IRET mahalliy nohukumat tashkiloti va O‘sh viloyat ma‘muriyati bilan hamkorlikka oid memorandum imzolagan.

Qirg‘iziston axborot agentliklari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, tomonlar o‘tgan yilgi zo‘ravonliklardan eng ko‘p jabr ko‘rgan O‘sh viloyatining yetti tumanida muzokarachilar tarmog‘ini tashkil etish ustida ish olib borishmoqchi.

Aytilishicha, yangi loyihadan maqsad Qirg‘iziston janubida yashovchi turli millat vakillari orasida tinchlikni targ‘ib etish, milliy toqatlilikka undash va har qanday ziddiyatlarga barham berishga qaratilgan.

Rejaga muvofiq, rasmiylar va fuqaroviy tashkilotlar tanlovi bilan har biri 22 kishidan iborat yettita guruh tashkil etiladi. Ularni tuzishda kishilarning jinsi, yoshi va millati inobatga olinishi ham alohida ta‘kidlanadi.

G‘azabnok olomon va mahalliy liderlar bilan qanday ishlash masalasida bo‘lajak muzokarachilarga saboq berish vazifasini Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bajaradi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, "yangi loyihaning qiyosi yo‘q"dir.

Ayon bo‘lishicha, muzokarachilar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgach, hukumat xavfsizlik tizimlari bilan muvofiqlikda o‘z faoliyatlarini olib borishadi.

Biror bir ziddiyat kelib chiqqan taqdirda ham qirg‘iz xavfsizlik kuchlarining ko‘magiga tayanib, ish tutishadi.

Qirg‘iziston janubiga Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik kuchlarining politsiyachilar maslahat guruhini yuborish rejasi esa, oradan bir yil o‘tsa-da, hanuz to‘liq ijrosini topganicha yo‘q.

Shu yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida aksariyati o‘zbeklardan iborat minglab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgan qonli etnik nizolarga bir yil to‘ladi.

Yaqinda O‘sh shahar hokimi Melis Mirzaqmatov ham shahar rasmiylari yangi etnik ziddiyatning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishlarini aytgandi.

Janob Mirzaqmatov "bu yil ham osoyishta emasligi va nimalar yuz berishi mumkinligini bashorat qilolmasligi"ni alohida ta‘kidlagandi.

O‘sh shahar hokimiga ko‘ra, Qirg‘iziston janubidagi "ekstremist va millatchi-bo‘lginchi guruhlar beqaror ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan foydalanib, mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishlari mumkin".

Rossiyaning "Regnum" axborot agentligi ham O‘sh viloyatida qo‘riqchilarning soni 500 nafarga oshirilganiga oid xabar tarqatgan.

Viloyat hokimi agentlik keltirgan iqtibosida buning sababini, "mintaqada vaziyatni izdan chiqarib, o‘tgan yilgi hodisalarni tarrorlash istagida bo‘lgan ichki va tashqi kuchlar bor"ligi bilan izohlagan.

Agentlik 4 may kuni Qirg‘izistonda 12 davlat vakillari ishtirokida xavfsizlikni ta‘minlashga qaratilgan o‘quv-mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tishi haqida ham xabar bergan.

Minglab kishilar qurbon bo‘lgani aytilgan qonli etnik nizolar ortidan esa, milliy bayram yoki hayit kunlarida Qirg‘iziston janubida xavfsizlik choralarini kuchaytirish odatiy tus olgan.

Mahalliy aholi oradan qariyb bir yil o‘tsa ham, mintaqada vaziyat tang ekani, o‘zlarining haq-huquqlari toptalayotgani va zo‘ravonliklar oqibatlarini bartaraf etish uchun hukumat tomonidan yetarlicha yordam ko‘rsatilmayotganidan shikoyat etib kelishadi.