Qodirjon Botirov xalqaro komissiya hisobotidan rozi ekanini bildirdi

Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi rahbarlaridan biri Qodirjon Botirov o‘tgan yil yozida mamlakat janubida yuz bergan etnik nizolar yuzasidan xalqaro komissiya hisobotini "ijobiy hol" deya baholadi.

Bu haqda Qodirjon Botirov Bi-bi-si bilan bo‘lgan suhbati chog‘ida aytdi.

"Xalqaro komissiya dunyo hamjamiyatiga Qirg‘izistondagi haqiqiy ahvolning bir qismini yaqqol ko‘rsata bildi," deb aytdi Qodirjon Botirov.

U Qirg‘iziston hukumatiga komissiya tavsiyalarini "bosqichma-bosqich" bajarish muhimligini ta‘kidladi.

Unga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumatida komissiya tavsiyalarini amalga oshirish uchun "juda katta kuch va xohish bo‘lishi kerak".

"Faqat yana o‘zining natsional-fashistlarini oldingi planga qo‘yib qo‘yib, qolaversa, bizning shu o‘zbeklarni ichida shu hokimiyatga yaqin bo‘laman, shular bilan doim birga bo‘laman, deb o‘zbekni nomidan gapiradigan "dejurnыy" odamlarni ishga solib qo‘yib, o‘yin qiladigan bo‘lsa, bu narsalar bo‘lmaydi, bu narsalar amalga oshmaydi," dedi Qodirjon Botirov.

U xalqaro komissiya tavsiyalarining bajarib-bajarilmasligi "tez kunlarda" oydinlashishini bildirdi.

Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari o‘tgan yil yozida qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida milliy nizoni qo‘zg‘ashda mamlakatdagi o‘zbeklar jamoalari rahbarlari, jumladan Qodirjon Botirovni ayblagan.

Qodirjon Botirov ushbu ayblovlarni butkul rad etdi.

Uning da‘vo qilishicha, Qirg‘iziston mustaqil davlat bo‘lganidan buyon "asosiy e‘tibor qirg‘iz millatiga mansub odamlarga" qaratilib kelmoqda.

"Biz o‘zbeklar hech qachon bu masalani ko‘tarmaganmiz. Bu yo‘q narsa," dedi Qodirjon Botirov.

U shuningdek Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklarni qurollantirishga chaqirganiga oid Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari ayblovini ham rad etdi.

"Men o‘zbek xalqini qurollantirish, o‘zbek yigitlariga qurol berish, degan so‘zni hech qachon, hech qayerda aytgan emasman!" - dedi Qodirjon Botirov. - "Ikkinchidan, yigirma yil davomida o‘zbek milliy-madaniyat markazi rahbari sifatida ishlab kelayotgan bo‘lsam, men qonun yo‘lida o‘zimizni haq-huquqlarimizni talab qilib, shuning ichida o‘zbek tilini, o‘zbek qadriyatlarini, bugungi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘nglash bo‘yicha gapirganman!"