Neftga boy Qozog‘istonda to‘ylar qanday o‘tmoqda?

Qozog‘istondagi to‘ylar ham dabdaba jihatidan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlardan o‘tsa-o‘tadiki, aslo qolishmaydi.

Dovrug‘i butun shaharga ketuvchi to‘y qilish uchun bankdan qarz olib to‘lolmay yurganlar ham talaygina.

Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi vaqtlarda turli gap so‘zlarga e‘tibor bermay, to‘ylarni ortiqcha xarajatlarsiz va odmi qilib o‘tkazuvchilar paydo bo‘layotgani kuzatiladi.

Muslimbek va Araylimlarning to‘yi shunisi bilan farq qiladiki, biri toshkentlik va ikkinchisi Qozog‘istonning Turkistonidan bo‘lgan kelin kuyovlarning to‘yi Olma ota shahrida bo‘lmoqda.

Internet orqali tanishgan bu yoshlarning nikohiga kattalar oq fotiha berishdi va to‘y harajatlari borasida ham yangilik qilishdi.

"Farqi shundaki, biz kelin taraf - quda bilan kelishib to‘yni hammamiz bir kunda Olma otada o‘tkazayapmiz. Kelin tarafda to‘y, maslahat kabi narsalarni yig‘ishtirib, hammasini bir kunda o‘tkazayapmiz", deydi kuyovning otasi Bobomxo‘ja aka.

Neft va gazdan hamda misli ko‘rilmagan xorij kreditlari ortidan Qozog‘istonda katta mablag‘ aylana boshladi.

Tabiiyki, to‘y - ushbu mablag‘ni sarf qiladigan tadbir.

Burunda mahalliy xalq to‘y qilish uchun qarindosh-uruqqa soliq solgani aytiladi.

Endi esa ushbu soliqning o‘rnini banklardan olinadigan kreditlar egallagan.

Mahalliy matbuotda to‘y uchun bankdan kredit olib yillar davomida to‘lolmay yurish hollari haqida bot bot yoziladi.

Bundan tashqari kelinga sarpodan tortib minglab dollarni tashkil qiladigan qalin puli va uch kunlab davom etadigan to‘ylar ko‘plab odamlarning qaddini bukib qo‘yayotgani aytiladi.

Odmi to‘y

"Qozoqlarda avvalo quda tushuv bo‘ladi, sirg‘a taqish, tanishish uchun irga ko‘rish degan odatlar bor. Keyin Xitoyning bozorini yondirib yuboradigan mato olishlar bor. Ushbu to‘y ixcham va isrofgarchiliksiz o‘tayotganidan xursandman," - deydi Taraz shahridan to‘yga kelgan Abdulla aka.

Bet ochar yoki kelin salom deb yuritiladigan urf odat to‘y bazmi bilan birga o‘tkazilmoqda.

Odatda bazmdan oldin kichik bir to‘y qilinib, do‘mbira chalib kelin salom solinadi va so‘ngida do‘mbira bilan kelinning yuzi ochiladi.

Qudalarni chaqirish marosimi bet ochar, bazm hammasi birlashtirib 120 odamga mo‘ljallangan to‘yxonada o‘tkazildi.

Kelin tomondan kelgan Anvar og‘a qishloq joylarda kamida 300 odam to‘yga kelishini aytadi.

"Bu yerda ozroq odam chaqirilsa kerak. Ammo qishloq joylarda 250-300 kam odam bilan to‘y o‘tmaydi. Biz tomondagilar o‘pkalaydi deb aytolmaymiz. Bizga shuncha kelsin deb aytildi, imkonini topganlar keldik. Ko‘pchilik bo‘lib kelishimiz mumkin edi. Ammo biz shaharning sharoitini bilamiz va shunga moslab keldik," - deydi quda tomondan kelgan Anvar ag‘a.

Ikki tomonning kelishuvi bilan qiz tomonda umuman to‘y bo‘lmadi.

Qiz tomon faqatgina 10 kishini mehmon qildi xolos.

Bundan tashqari og‘irlik bo‘lmasligi uchun kelin bola uyni mebelь bilan to‘ldirmadi, sarpolarini ham ko‘paytirmadi.

Faqatgina kuyov olib bergan kiyimlar va bir ikki ko‘rpa bilan keldi.

O‘z navbatida kuyov tomon ham beriladigan qalin pulini ikki baravar kam, 1000 dollar berish bilan cheklandi.

Sarpolarni ham keskin qisqartirdi.

Mana shu qisqartirishlar bilan birga kuyov tomon uchun to‘y sakkiz ming dollarga tushdi.

To‘y egasining aytishiga qaraganda, ikki o‘rtadagi xarajatlarni qisqartirish haqidagi kelishuv to‘yni 5-6 barobar arzon o‘tishiga sabab bo‘lgan.

To‘yga kelgan tarazlik Abdulla akaning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda to‘ylarning dabdabasiz o‘tishini istovchi yoshlar paydo bo‘lmoqda.

"Hattoki, bizning yoshimizdagi ya‘ni 50 dan oshgan odamlardan ko‘ra 25-30 yoshdagilar Islomga juda yaqin. Ular ichkilik va tamakiga qarshi, dabdabali to‘ylarga ham qarshi,” deydi Abdulla aka.

O‘zbekistonlik va turkistonlik yoshlarning to‘yi Olma otada odmigina tarzda o‘tdi. Odmilik va kamharjlik ortidan to‘y egasi katta qarzga botib qolmaganini aytdi.

Ammo kuzatuvchilar bunday to‘ylar hozircha dabdabali to‘ylar oldida o‘ta kamligini aytishadi.