Qirg‘iziston:'Xalqaro komissiyaning hisoboti vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin'

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat janubidagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiyaning ayrim xulosalari saylovlar arafasida vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligini aytgan.

Payshanba kuni e‘lon qilingan bayonotda qirg‘iz hukumati xalqaro komissiyaning "ayrim xulosa va tanqidiy qaydlariga qo‘shilishi", ammo shu bilan birga qator xulosalarini ma‘qullamasligi aytiladi.

"Jumladan,- deyiladi bayonotda,jinoyatlarning xalqaro huquq nuqtai nazaridan tasnif etilishi, aybdorlarni aniq ismlari bilan aniqlash, muvaqqat hukumatning ziddiyatni bartaraf etishga qaratilgan harakatlarining bir tomonlama talqin etilishi".

Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iz hukumatining avvalroq bildirgan "2010 yilning 10-14 iyun kunlari yuz bergan fojiali voqealar millatlararo ziddiyat bo‘lgani, unda har ikki tomon ham qurollangan bo‘lib, bir-birlariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgani va qurbonlar bergani" haqidagi mavqeyini urg‘ulaydi.

Bayonotda ta‘kidlanishicha, muvaqqat hukumat hodisalar uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasidan soqit qilmaydi va buni 2010 yilning 16 iyunida Qirg‘iziston xalqiga murojaatida ochiq tan olgan.

Tashqi ishlar vazirligi qirg‘iz hukumatining xalqaro komissiya xulosalari asosan bir etnik guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni hisobga olib, aynan shu guruh tarafidan berilgan qurbonlar va talofatlarni e‘tiborsiz qoldirgani va ikkinchi guruhni jarbdiyda va himoyasiz deb tasvirlagani haqidagi e‘tirozini takrorlagan.

Tang vaziyat

Bayonotda mamlakat janubidagi vaziyatninng tangligicha qolayotgani, ko‘pgina ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hanuz yechilmagani aytiladi.

"Prezident saylovlariga targ‘ibotlar boshlangan bir sharoitda Qirg‘iziston Tekshiruv Komissiyasining ayrim xulosalari demokratik islohotlar muxoliflari tomonidan ishlatilishi, vaziyatni beqarorlashtirishi va ichki revanshist kuchlarning mavqeyini kuchaytirishi mumkin", -deb aytgan Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi.

Ayni paytda prezident O‘tinboyeva mamlakat huquq-tartibot idoralari va xavfsizlik kuchlaridan terrorchi hujumlar xavfini bartaraf etishni talab qilgan.

O‘tgan yilgi zo‘ravonliklar markazi bo‘lgan O‘shdagi qo‘shma aksilterror amaliyotlarining yopilish marosimida gapirgan O‘tinboyeva xonimga ko‘ra, "odamlar gavjum bo‘lgan joyda terrorchi hujumlar sodir etilish xavfi bor".

"Eng hassos joylarda hujumlarni amalga oshirish bilan terroristlar jamiyatdagi vaziyatni beqarorlashtirish, vahima urug‘larini ekish va odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazishni maqsad qilib olishgan", - deya O‘tinboyevaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Interfaks" agentligi.

Avvalroq Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Keneshbek Duyshebayev hozirgi kunda 400 nafargacha, asosan o‘zbek millatiga mansub jangarilar Afg‘oniston va Pokistondagi jamloqlarda harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotganliklarini da‘vo qilgan edi.

Qirg‘iz xavfsizlik mulozimi bu qirg‘izistonliklarning o‘tgan yil iyunidagi voqealardan so‘ng Afg‘onistonga o‘tganliklarini aytib, ularni "bo‘lginchilar" deb atagan.

U ayni guruh Afg‘onistonda "Qirg‘iziston Islomiy Harakati"ni tuzganini ham da‘vo qilgan.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, hozirga qadar bu kabi harakatning mavjudligi haqida biron ma‘lumot yo‘q.

Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati rahbarining bayonoti mamlakat janubidagi zo‘ravonliklar yuzasidan tuzilgan xalqaro komissiyaning hisoboti e‘lon qilinishidan bir necha kun avval yangragan.

So‘nggi kunlarda Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirayotgani haqida ham xabarlar olingan.

Payshanba kuni O‘shda gapirgan prezident O‘tinboyeva qirg‘iz hukumati xalqaro komissiya tavsiyalarini bajarish uchun "qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rishi"ni aytgan.

Qirg‘iz xabar agentliklari uning "Eng avvalo biz janubdagi hodisalarning takrorlanmasligi uchun mustaqil komissiya hisobotini qabul qilishimiz kerak" degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.