Rossiyalik millatchilar yangi tashkilotga birlashishdi

Rossiyada faoliyati ta‘qiqlangan millatchilar harakatining lideri, Aleksandr Belov, boshqa o‘ta o‘ng qanot guruhlar bilan birgalikda yangi tashkilot tuzdi.

Aleksandr Belov boshchiligidagi "Noqonuniy migratsiyaga qarshi harakat" faoliyati Rossiyada shu yil fevral oyida ta‘qiqlangan edi.

Rus millatchi guruhlaridan tarkib topgan yangi tashkilotga "Russkiye" nomi berilgan.

Aleksandr Belov Rossiyada o‘ta o‘ng qanot millatchilardan biri sifatida tanilgan.

Moskvadagi Bi-bi-si muxbiri Daniyel Sandfordning xabar berishicha, Rossiya Olmoniya fashistlari ustidan qozonilgan g‘alabaning 66 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda yangi millatchi tashkilotning tuzilishi mamlakatda irqchilik qanchalar keng quloch yoyganini ko‘rsatadi.

Rossiya yuqori mulozimlariga ko‘ra, o‘tgan yillarda Moskvadan tortib Tomsk va Tyumenga qadar viloyatlarda millatchi va taqirbosh tashkilotlarning o‘nlarcha a‘zolari qo‘lga olingan va mahkamga tortilgan.

Slavyan qiyofasiga mos bo‘lmaganlarni o‘ldirish, kaltaklash, musulmon va yahudiylar qabristonlarini vayron etish rus millatchilari tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar jumlasiga kiradi.