BMTning inson huquqlari mulozimi xalqaro komissiya hisobotini olqishladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari Navi Pillay Qirg‘iziston hukumatini mamlakat janubidagi zo‘ravonliklarni tekshirgan xalqaro komissiya tavsiyalarini zudlik bilan bajarishga chaqirgan.

Chorshanba kuni e‘lon qilingan bayonotda BMTning inson huquqlari bo‘yicha mulozimi yangi e‘lon hisobotni olqishlagan.

"Ushbu hisobot Qirg‘izistonning qonunsizlikka qarshi kurashi va o‘tgan yil yozidagi millatlararo nizo ortidan javobgarlik masalasini hal qilishdagi sa‘y-harakatlarini rag‘batlantirish lozim", deb aytgan Pillay xonim.

U Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tinboyevani mustaqil tekshiruv o‘tkazish tashabbusi uchun maqtagan va qirg‘iz hukumatining komissiya hisbotiga batafsil sharhini ham qayd etgan.

Pillay xonim adolatsiz yarashuv bo‘lmasligini ta‘kidlagan.

"Adolatsiz uzoq davom etadigan murosani ta‘minlab bo‘lmaydi va men ishonamanki, ushbu hisobot ana shu maqsadga erishish uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi", degan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari.

Finlandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen boshchiligidagi Qirg‘iziston Tekshiruv Komissiyasi o‘tgan yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar yuzasidan uzoq kutilgan hisobotini seshanba kuni e‘lon qilgan.

Komissiya qirg‘iz hukumatini zo‘ravonliklar yuzasidan to‘liq tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

Xalqaro komissiya o‘z tavsiyalarida Qirg‘izistonning siyosiy tabaqasi o‘zbeklar va boshqa guruhlarni teng huquqli, deb qabul qilmas ekan, ko‘p narsa o‘zgarmasligini ta‘kidlagan.

Komissiya qirg‘iz hukumatini ashaddiy millatchilikka qarshi turish va Qirg‘izistonni ko‘p millatli jamiyat deb e‘lon qilishni tavsiya etgan.

Xalqaro komissiya Qirg‘iziston nomini hozirgi "Qirg‘iz Respublikasi"dan "Qirg‘iziston Respublikasi"ga o‘zgartirishni ham tavsiya qilgan.

Unga ko‘ra, "Qirg‘iziston Respublikasi" atamasining qayta tiklanishi davlat qurining fuqarolik tamoyillariga ko‘proq javob beradi.

Komissiya mamlakat janubida O‘zbek tiliga maxsus maqom berilishi kerakligini aytgan.

Qirg‘iziston hukumati finlandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen boshchiligidagi xalqaro komissiya bilan hamkorlik qilgan, ammo uning O‘shda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosasini rad etgan.

Chorshanba kuni mamlakat janubiga safar qilgan prezident O‘tinboyeva Qirg‘iziston xalqaro komissiya tavsiyalariga amal qilishini aytgan.

Birinchi tekshiruv

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari seshanba kuni e‘lon qilingan hisobot Markaziy Osiyodagi birinchi xalqaro tekshiruv ekanini urg‘ulagan.

"Birinchi marta Markaziy Osiyo davlatida xalqaro tekshiruv komissiyasi tashkil etildi va tushunishimcha, uning erkin faoliyat olib borishiga imkoniyat yaratildi", - degan Pillay xonim.

U qirg‘iz hukumati ayni ruhda komissiya tavsiyalarini bajarishga kirishishi muhimligini aytgan.

"Jinoiy javobgarlarni nomma nom aniqlash jasorat va qat‘iyatlilikni talab etadi", degan BMT mulozimi.

Pillay xonim Qirg‘iziston hukumatining xalqaro komissiya tavsiyalarini bajarish uchun maxsus hay‘at tuzish haqidagi e‘lonini olqishlagan va unga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan.