Qozog‘iston-Xitoy chegarasida kontrabanda bilan shug‘ullangan guruh fosh etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Qozog‘istonga tovarlar asosan Xitoydan keltiriladi

Qozog‘iston moliya politsiyasiga ko‘ra, u Xitoydan katta miqdorda kontrabanda mollari o‘tkazish bilan shug‘ullangan "uyushgan jinoiy guruh"ni fosh qilgan.

Jinoiy guruhda yuqori lavozimli davlat organi xodimlari ham borligi aytilmoqda.

100 ortiq odamni birlashtirgan jinoiy guruh uzoq vaqt davomida kontrabanda ishlari bilan shug‘ullangan.

Ushbu jinoiy guruhni fosh qilishda savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning shikoyati sabab bo‘lgan.

Ayni damgacha jinoiy guruhning 20 ga yaqin a‘zosi qo‘lga olingan.

Ular orasida "Xorgos" bojxona postining rahbari, Aqmo‘la viloyat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari kabi yuqori lavozimli shaxslar ham bor.

Guruh Xitoydan olib kelinadigan mollarni qalbaki hujjatlar bilan Qozog‘istonga kiritgan.

Noqonuniy yo‘llar bilan "Xorgos" va "Kaljat" postlari orqali kuniga 100 tortib 200 tagacha yuk ortilgan mashinalar Qozog‘istonga kirib kelgan.

Har bir mashinadan 25-30 ming AQSh dollari miqdorida o‘lpon olingani va shuning besh ming dollarigina davlat byudjetiga tushgani xabar qilinadi.

Image caption Kontrabandachilar guruhining fosh etilishiga Qanag‘at Takeyeva arizasi turtki bo‘lgan

Qolgan foydani tarkibida amaldorlar ham bo‘lgan "jinoiy guruh" o‘zaro bo‘lishib olishgan.

Tadbirkorlarga ko‘ra, guruh faoliyat yuritgan vaqti Qozog‘istonga Xitoydan qonuniniy mol olib kirishning deyarli imkoni bo‘lmagan.

"Har kim bizdan pul talab qiladi. Agar pul bermasang, ikki oydan bir yilgacha kutishga to‘g‘ri keladi. Hatto qamoqqa tiqishlari mumkin. 2008 yildan buyon shu ahvol. Lekin, men sinib qolmadim, ishladim," deydi tadbirkor Qanag‘at Takeyeva.

Aynan Qanag‘at Takeyeva boshchiligidagi bir guruh savdogarlarning shikoyatidan so‘ng iqtisodiy va korruptsiya jinoyatlariga qarshi kurashish agentligi Xitoy bilan chegaradagi shubhali ishlarni tekshirishga tushdi.

Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.

Ushbu mashmashalardan so‘ng Bojxona qo‘mitasi rahbari iste‘foga chiqdi.

Olma ota viloyat bojxona departamenti rahbari esa qochib ketdi.

Jinoiy guruh 2006 yildan beri 130 milliondan ortiq dollarni o‘zlashtirgani aytilmoqda.

Qozog‘iston Rossiya va Belarussiya ishtirokida tuzilgan Bojxona ittifoqining a‘zosi hisoblanadi.

Qozog‘iston hududiga kirgan mollar bu ikki mamlakatga ham muammosiz o‘tishi mumkin.