O‘shTVning xorijga qochgan direktori qirg‘iz prezidentidan adolat so‘ramoqda

O‘shTV teleshirkatining direktori Haliljon Xudoyberdiyev o‘zi ustidan sirtdan ochilayotgan mahkama ishida adolat so‘rab Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva murojaat qilgan.

Jalol-Obod shahar sudida 11 may kuni Haliljon Xudoyberdiyev va yana bir jurnalist Javlon Mirzaxo‘jayevlarga qarshi mahkama ishi ochilishi kerak edi, biroq u kechiktirilgan.

Ikkovlon o‘tgan yil iyun oyida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar chog‘ida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishdan tortib, noqonuniy qurolli guruhlar tuzish va separatizm kabi jiddiy ayblovlarga yuz tutmoqda.

Bugunda xorijda boshpana topgan Haliljon Xudoyberdiyev barcha ayblovlarni rad etib va mahalliy hukumat tomonidan bosim ostiga olingani uchun mamlakatdan chiqib ketganini izohlab bayonot chiqargan.

BBC bilan suhbatda janob Xudoyberdiyev kasbiy faoliyatini amalga oshirganini aytdi.

"Men o‘ylayman bu ayblovlar asossiz, bu ishlarni men qilmaganman, o‘z kasbim bo‘yicha ish olib borganman", deydi u.

O‘sh hokimi tahdidlari

Janob Xudoyberdiyev O‘sh hokimi Melisbek Mirzakmatovning ochiq tahdidi tufayli o‘tgan yil iyulida boshqa davlatga chiqib ketishga majbur bo‘lganini aytadi.

Unga ko‘ra, Mirzakmatov uni o‘z uyiga chaqirib, O‘shTV hissalarining 51 foizini boshqa kishi nomiga o‘tkazishni talab qilgan.

"Bu uchrashuv 1 iyulda bo‘ldi. U o‘z uyiga taklif qildi. Frunze bozorini yonida uyi bor. O‘z o‘g‘lim bilan birga borganman. Uyiga borganimda o‘ntami, sakkiztami, avtomatlari bor fuqarolik formasidagi yosh yigitlar bor edi, hovlida uchta qora djip bor edi. Kirib aytdim, nimaga oilamizni bunday qiynayapsiz, deb. U o‘g‘illarimga "otangni qamaymiz" deb tahdid qilgan, katta o‘g‘limga qarshi ham jinoiy ish ochilgandi. Maqsadinglar nima, desam, u telekompaniyaning 51% haqqini men aytgan odamga o‘tkazasiz va telekompaniyani ishlatib berasiz, degan. Atrofda qurollangan odamlar bo‘lgani uchun, rozilik berganman", deydi Haliljon Xudoyberdiyev.

U o‘zi bu hissalarni 1,5 million dollar deya baholagani, biroq Mirzakmatov hissalar qiymatini 400 ming dollar deb topganini aytadi. Janob Xudoyberdiyev majburan bu narxga rozi bo‘lganini bildirdi.

Bo‘lginchiga sahnami?

U qirg‘iz hukumatining o‘zbeklar liderlaridan biri Qodirjon Botirovga sahna yaratib bergani borasidagi da‘volarini ham rad etadi.

"Qodirjon Botirovda separatizm degan ayb yo‘q. Biz uning mitingda aytgan gaplarini elga televideniye orqali ko‘rsatganmiz. Maqsadimiz, o‘sha paytda juda ko‘p mishmishlar ko‘paygandi, iyun oyi voqealariga yana bir oy bor edi, Jalol-Obodda zo‘ravonlik chiqadi degan mishmishlar. Shunda biz Jalol-Obod gubernatori Bektur Asanov va Botirjon Qodirov ikkovi mitingda qatnashib, odamlarni tinchlantirish maqsadida aytgan gaplarini chiqarganmiz. Maqsad odamlarni tinchlantirish edi", deydi u.

Haliljon Xudoyberdiyev Prezident O‘tinboyevaga murojaatida o‘ziga qarshi ochilgan jinoyat ishini buyruq bilan ochilgan ish ekanini aytadi va o‘z etnik kelib chiqishi tufayli O‘sh hokimi Mirzakmatov tomonidan nishonga olinayotganini da‘vo qiladi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди