Qirg‘iziston janubidagi iyun qirg‘ini ortidan nimalar o‘zgardi? - Amnesty International nigohida

Amnesty International xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotida aytilishicha, o‘tgan yil iyun oyidagi milliy nizolar ortidan, ayniqsa, Qirg‘iziston janubida inson huquqlari jiddiy buzilish hollari ro‘y bergan. Xalqaro tashkilotning bugun e‘lon qilgan hisobotida iyun zo‘ravonliklari va uning ortidan kechgan mahkama jarayonlariga batafsil to‘xtalib o‘tiladi. "Amnesti Interneyshnl" o‘z hisobotida qator adolatsiz mahkamalar, asosan millati o‘zbek sudlanuvchilarga berilayotgan og‘ir jazolar va hibsxonada gumondorlarning qiynoqqa solinganliklariga oid bir qancha da‘volarni tilga oladi. Va mahalliy mas‘ullar tomonidan ularni o‘rganishga bo‘lgan istak-xohishning yo‘qligini ham aytadi. Yaqinda finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen boshchiligidagi xalqaro mustaqil tergov hay‘ati ham xuddi shunday mazmundagi xulosalarini e‘lon qilgandi. Ammo milliy nizolardan bir yilcha vaqt o‘tdi, mavjud muammolar qirg‘izistonlik mas‘ullar nigohida qanchalik e‘tibor topdi? Suhbatdoshimiz xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspertiMeyzi Vaysheding:

Meyzi Vaysheding: Biz shu paytgacha bo‘lgan hisobotlardan tergov jarayonlarining olib borish yo‘sini haqiqatda ham o‘zgarganini ko‘rmadik. Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva ham shu yilning fevral oyida bu xususda o‘z xavotirlarini izhor etib chiqqandi. O‘tinboyeva xonim ayblanuvchilarni o‘zlariga qo‘yilgan ayblarga iqror qildirish uchun qiynoqlar hanuz keng qo‘llanayotganiga oid ko‘plab xabarlar olayotganligini aytgandi. Qirg‘izistonning aprel oyida tayin etilgan yangi Bosh prokurori qiynoq yoki nomaqbul munosabatga oid har qanday da‘vo o‘rganilsin va natijasi muovinimga bildirilsin, deb buyruq berdi. Biz hozir ushbu buyruqning qanday ijro etilganini kuzatib turibmiz. Bu - ijobiy qadam, biz buni xush qarshilaymiz. Ammo uning, ayniqsa, Qirg‘iziston janubida qanday hayotga tadbiq etilishini ko‘rish istagidamiz.

Bi-bi-si: Agar birgina Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi misolida oladigan bo‘lsak ham, mas‘ullar bundan avval ham qiynoqlarga oid da‘volarni tekshirishga tayyor ekanliklarini aytishgandi-ku, to‘g‘rimi?

Meyzi Vaysheding: Bilasizmi, biz Qirg‘izistonda bo‘lib, bu xususda Ichki ishlar vazirligi mulozimlari bilan gaplashganmiz. Ular qiynoqlarga oid da‘volarni tekshirishga hozir ekanliklari, ammo qiynoq hollari keng tarqalmagani, ba‘zi hollarda ayrim militsiya xodimlari o‘z xizmat vazifalarini suiiste‘mol etgan bo‘lishlari mumkinligini aytishgandi. Ammo o‘zaro suhbatlarimiz chog‘ida Ichki ishlar vaziri muovini bu masalaga jiddiy yondashishlari, deylik, qiynoqlarga oid da‘volarni shaxsan o‘zi ham o‘rganib chiqqanligini aytib, inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning shikoyatini misol tariqasida keltirib o‘tgandi. Unga ko‘ra, boshqa bir mahalliy inson huquqlari faoli Aziza Abdurasulova bilan birga hibsxonaga borib, Azimjon Asqarovning o‘zidan qiynoqqa tutilganmi yoki yo‘qligini so‘raganida, uning, "Yo‘q," deb javob bergan. Bu - Ichki ishlar vaziri muovini nazdida batafsil, mustaqil, xolis tergov jarayoni bo‘lgan. Ammo bizning nazarimizda bunday emas. Agar mahalliy mas‘ullarning ushbu masalaga yondashuvlari shunday bo‘ladigan bo‘lsa, biz Qirg‘izistonda haliyam jiddiy muammo bilan to‘qnash kelib turibmiz. Demoqchimanki, biz yangi Bosh prokurorning yangi buyrug‘ini xush qarshilash bilan birga, uning barcha miqyosdagi huquq-tartibot tizimlari tomonidan qanchalik jiddiy e‘tibor topishini ko‘rishni istaymiz.

Bi-bi-si: O‘tgan yilgi iyun voqealarini o‘rganib, yaqinda o‘z xulosalarini e‘lon qilgan xalqaro mustaqil tergov hay‘atining xavotirlari ham xuddi sizlarnikiga o‘xshab ketadi. Adolatni qaror toptirish mazmunidagi talablari ham sizlarniki bilan bir xil. Agar xalqaro mustaqil tergov hay‘atining hisoboti noxolis va adolatsiz, degan tanqidlar ostida qolib ketgani nazarda tutilsa, sizlar izhor etayotgan xavotir va ilgari surayotgan talablar qanchalik jiddiy ta‘sirga ega bo‘lishi mumkin?

Meyzi Vaysheding: Biz samara beradi, degan umiddamiz. Ayniqsa, insoniyatga qarshi jinoyatlar masalasida. Biz ushbu masalani oxirigacha kuzatib borish istagidamiz. Bundan tashqari, xalqaro mustaqil tergov hay‘ati tavsiyalaridan ayrimlarining ham qirg‘izistonlik mas‘ullar tomonidan jiddiy qabul qilinishini xohlardim. Qirg‘iz hukumatining hisobotga, ayniqsa, insoniyatga qarshi jinoyatlar masalasiga tanqidiy munosabatda bo‘lgani bizga yaxshi ma‘lum. Ammo, o‘z o‘rnida, qirg‘iz hukumati hisobotga bergan izohida qiynoq va nomaqbul munosabatda bo‘lish hollari anchayin keng tarqalgani va ularning oldini olishga muvaffaq bo‘lmaganliklarini ham tan olgan. Va kelajakda bu kabi hollarning oldini olishga qattiq harakat qilishga ham va‘da bergan. Ayni o‘rinda shu narsani ta‘kidlab o‘tishni istardimki, qirg‘iz hukumati xalqaro mustaqil tergov hay‘atining tavsiyalarini shunchaki inkor etolmaydi. Chunki hay‘atning xulosalariga ko‘pchilik umid ko‘zlarini tikkan. Ularning orasida Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar ham bor. Shuning uchun ham, uning jiddiy qabul qilinishi nihoyatda muhimdir. Bundan tashqari, xalqaro mustaqil tergov hay‘atining hisoboti o‘zbek va qirg‘iz tillariga tarjima qilinib, keng ommaga tarqatilishi lozim. Ammo bizni xavotirga solayotgan narsa shuki, hay‘at hisobotni tarjima qilish va tarqatish vazifasini qirg‘iz hukumati zimmasiga yuklagan. Biz esa, ushbu hisobotning imkon darajada katta sondagi aholi orasida tarqatilishi, ular hisobotni bevosita o‘qib chiqib, uning qanchalik xolis yoki noxolisligi borasida o‘zlari bir xulosaga kelishlarini istaymiz.

Bi-bi-si: Sizlar ham, xalqaro mustaqil tergov hay‘ati ham hisobotlaringizda iyun voqealari chog‘ida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik hollariga to‘xtalib o‘tgansiz. Masalaning qanchalik qaltis ekani nazarda tutilsa, bu kabi hollarni samarali o‘rganishning iloji bo‘larmikan?

Meyzi Vaysheding: Ha, jinsiy zo‘ravonliklar bilan bog‘liq holatlar nihoyatda nozik masaladir. Aynan shu narsa biz, boshqa mahalliy inson huquqlari faollari va xalqaro yordam tashkilotlari to‘qnash kelayotgan asosiy muammodir. Zo‘rlangan ayollar nafaqat nomusdan, balki mas‘ullar tomonidan xavfsizliklari butkul ta‘minlanmagani uchun ham bu haqda ochiq gapirishdan qo‘rqishadi. Menimcha, agar qirg‘iz hukumati ushbu hodisalarni sinchiklab o‘rganmoqchi bo‘lsa, ular yordamga chaqirishlari mumkin bo‘lgan xalqaro ekspertlar bor. Chunki bu kabi mojarolar chog‘ida birgina jinsiy zo‘ravonliklarning o‘zi sodir etilmaydi. Deylik, Bosniyada, Kongo Demokratik Respublikasida ishlagan mutaxassislar kelib, ko‘mak berishlari mumkin. Avvalboshdan xalqaro hamjamiyat ham bu masalada o‘z yordami, tajribasini taklif etib keladi. Demoqchimanki, agar qirg‘izistonlik mas‘ullar jinsiy zo‘ravonlik hollarini jiddiy o‘rganmoqchi bo‘lishsa, buning imkoniyati bor.