Qorasuv militsiya boshlig‘ini o‘ldirishda ayblanganlar ustidan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi

Image caption Iyun oyidagi xunrezliklar ortidan ko‘plab narimonliklar hibsga olingan

Qirg‘iziston Oliy mahkamasi O‘sh viloyati Qorasuv tuman militsiyasi rahbari va uning haydovchisini o‘ldirishda ayblanganlar ustidan mahkama hukmini o‘z kuchida qoldirgan.

Oliy mahkamaning jinoiy ishlar bo‘yicha hay‘ati Qorasuv tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbari Adilbek Sultanov va uning haydovchisi Uran Shamurzayevni o‘ldirishda ayblanib sudlangan fuqarolar himoyachilari shikoyat arizasini ko‘rib chiqqan.

Oliy Mahkama Qorasuv tuman mahkamasining 2010 yil 29 oktyabri va O‘sh viloyati mahkamasi kollegiyasi 2010 yil 27 dekabrida chiqargan qarorlarini o‘zgartirmasdan kuchida qoldirgan.

Shu bilan birga, Oliy mahkama hakamlari avval sudlanganlardan biri Dilshodbek Ahrorovga tegishli avvalgi mahkamalar qarorlarini bekor qilgan va unga aloqador jinoiy ishni Qorasuv tumani mahkamasiga qayta ko‘rib chiqish uchun yuborgan.

O‘tgan yilning 13 iyun kuni O‘sh viloyati Qorasuv tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbari Adilbek Sultanov va uning haydovchisi, starshina Uran Shamurzayev Nariman qishlog‘iga borgan paytda o‘ldirilgan.

Militsiya rahbarining boshi tanasidan judo qilinib, ikki jasad avval yoqib yuborilgani va keyin daryoga oqizib yuborilgani xabar qilingandi.

Qorasuv tuman mahkamasi mazkur qotillikda ayblangan 10 kishidan 9 nafarini aybdor topgan. Ulardan 5 nafariga bir umrlik qamoq jazosi berilgan, bir kishi 25 yilga, qolganlar sakkiz, besh, to‘rt va bir yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning iyun oyida mamlakat janubida sodir etilgan qonli milliy nizolar ortidan huquq-tartibot idoralari tomonidan 5 mingdan ko‘proq jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgandi.

Ammo, ularning aksariyati noma‘lum sabablar bois vaqtincha to‘xtatilgan.

Qirg‘izistonning inson huquqlari bo‘yicha vakili Tursunbek Akun mazkur ishlar qayta ko‘rib chiqilishi va aybdorlar millatidan qat‘iy nazar qonun asosida javobgarlikka tortilishini talab qilgan.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Amnesti Interneshnl tashkiloti so‘nggi hisobotida aytilishicha, o‘tgan yil iyun oyidagi milliy nizolar ortidan, ayniqsa, Qirg‘iziston janubida inson huquqlari jiddiy buzilish hollari ro‘y bergan.

Xalkaro tashkilotning yaqinda e‘lon qilingan hisobotida iyun zo‘ravonliklari va uning ortidan kechgan mahkama jarayonlariga batafsil to‘xtalib o‘tiladi.

Amnesti Interneshnl tashkiloti o‘z hisobotida qator adolatsiz mahkamalar, asosan, millati o‘zbek bo‘lganlarga berilayotgan og‘ir jazolar va hibsxonada gumondorlarning qiynoqqa solinganliklariga oid bir qancha da‘volarni tilga olgan.