Jenevadagi majlis kun tartibiga Turkmanistondagi qiynoqlar masalasi qo‘yilgan

Image caption Turkman qamoqxonalari mahbuslar uchun ayanchli sharoiti bilan tanilgan

Jenevadagi BMT Inson huquqlari kengashi Turkmanistondagi inson huquqlari vaziyatini muhokama etmoqda.

Tabiiy gazga boy Markaziy Osiyoning bu mamlakati jahondagi inson huquqlari eng qo‘pol poymol etilayotgan mamlakat deb ko‘riladi.

Turkmanistondagi vaziyatning Jenevadagi muhokamasi oldidan qator xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari hisobotlar e‘lon etdilar, bu hisobotlarda Turkman hukumatining qiynoqlar hamda noinsoniy muomalalar uchun mas‘ulligi urg‘ulangan.

BBC muxbiri yozishicha, Jenevadagi tadbir xalqaro inson haqlari tashkilotlari uchun Turkmanistondagi inson huquqlari vaziyati haqida bong urish uchun yaratiladigan kamdan-kam imkoniyatdir.

Seshanba kungi muhokama oldidan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga bir necha hisobotlar yo‘llandi.

Ushbu hujjatlarda Turkmaniston qamoqxonalaridagi ahvol, rasmiylar tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan faollarning taqdiri haqida so‘z boradi, mamlakatda siyosiy islohotlar o‘tkazilmayotgani tanqid qilinadi.

Jeneva majlisiga Turkman rasmiylari ham o‘zlarining hisobotlarini tayyorlaganlar, unda fuqarolar huquqlari va erkinligi kafolati ta‘minlangan qonunlar haqida batafsil hikoya qilinadi.

Ammo bu qonunlar faqatgina qog‘ozda mavjud.

"Economist"ning demokratiya reytingi bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatda Turkmaniston eng quyi o‘rinlarda, Chad bilan Shimoliy Koreya yonidan joy olgan.

Human Rights Watch inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotiga ko‘ra, Turkman hukumati omma hayotini mutlaq nazorat qilishga urinadi, bu mamlakatda hamon Sovet zamonidan qolgan o‘zgacha fikrdagi insonlarni ruhiy shifoxonaga majburan yotqizish, mamlakatni tark etishga majburlash amaliyotlari qo‘llanmoqda.

Ayni bir paytda Turkmaniston jahondagi eng ko‘p gaz zahiralari bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi va u Ovro‘po uchun gaz ta‘minotchisiga aylanishi mumkin.

Inson haqlari tashkilotlari energiya resurslarini qo‘lga kiritish maqsadini ko‘zlayotgan Ovro‘po Ittifoqi Turkmanistondagi inson huquqlarining abgor ahvoliga ko‘z yummaydi deb umid qiladilar.