Qozog‘iston o‘z nomzodini Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi raisligiga ko‘zlamoqda

Image caption Janob Marchenkoning ovro‘polik nufuzli moliyachilar orasida obro‘yi baland

Rasmiy Ostona Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi raisligiga Qozog‘iston Markaziy banki rahbari Grigoriy Marchenkoning nomzodini ilgari surgan.

Qozog‘iston Bosh vaziri Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot bankidan o‘z nomzodini dastaklashini ham so‘ragan.

Karim Masimov janoblari MDH davlatlari rahbarlari kengashining 19 may kungi Minsk yig‘inida o‘z qarorlarini e‘lon qilgandi.

Kengash esa, Qozog‘istonning taklifini qo‘llab-quvvatlagani xabar berilgandi.

Ammo janob Marchenko o‘zining imkoniyatlari borasida anchayin kamtarlik qilmoqda.

"Bu o‘rinda men yoki mening xohishim hech narsani hal qilmaydi. Odatda G‘arbiy Ovro‘po davlatlari vakillari ushbu lavozimni egallab kelishadi. Ammo dunyoda mamlakatlarning iqtisodiy mavqe‘lari o‘zgarib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlar hozir yirikroq rolь o‘ynash istagidalar. Ammo yuqori darajadagi konsul'tatsiyalar olib borilmay turib, nomzodlarning imkoniyatlari haqida gapirishga erta," deb aytgan Qozog‘iston Markaziy banki rahbari.

Jahondagi eng nufuzli moliyaviy tashkilotlardan birining raisligi uchun borayotgan kurash ham hazilakam emas.

Chunki AQSh va Ovro‘po Ittifoqi ham mazkur lavozimga o‘z nomzodlarini ilgari surishgan.

O‘z vakilining xalqaro tashkilotga raislik qilishini istayotganlar orasida yana Meksika, Turkiya, Hindiston, Janubiy Afrika, Braziliya va Xitoyning ham borligi aytiladi.

Ustiga ustak ushbu kurashda Frantsiya Moliya vaziri Kristin Lagardning g‘olib chiqish imkoniyatlari katta ekani bashorat qilinmoqda.

Kim qanday fikrda?

BRIKS - Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika esa, bu borada o‘z qarashlarini bir yoqadan bosh chiqarib izhor etishgan.

Ularga ko‘ra, bu gal Xalqaro Valyuta Jamg‘armasiga ovro‘polik yoki amerikalik emas, iqtisodi rivojlanayotgan davlat vakili raislik qilishi lozim.

Agar tarixga nazar tashlansa, o‘tgan 65 yil badalida ushbu lavozimni AQSh yoki Ovro‘po namoyandasi egallab kelgan.

Nomzodlarni ilgari surish jarayoni iyun oyining o‘rtalarigacha davom etadi.

Ammo yangi raisning taqdiri rivojlangan sakkizlik davlatlarining shu oy oxiriga rejalangan yig‘inida hal qilinishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Tahlilchilar Qozog‘iston Markaziy banki raisining imkoniyatlari oz ekanini aytishsa-da, uning ovro‘polik nufuzli moliyachilar orasida obro‘si qanchalar baland ekanini ham rad etishmaydi.

Janob Marchenkoning o‘zi esa, agar dunyoning yirik va rivojlanayotgan davlatlari oliymaqom darajada kelishib olishsa, ushbu lavozimni egallash imkoniyatiga ega bo‘lishini aytmoqda.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi a‘zo davlatlarning raislik lavozimiga takliflarini kecha 23 maydan boshlab rasman qabul qilishga kirishgandi.

Xalqaro tashkilotning yaqindagina iste‘fo bergan raisi, frantsiyalik siyosatchi va moliyachi Dominik Stross-Kan esa, 14 may kuni New York aeroportida qo‘lga olingandi.

62 yoshli Dominik Stross-Kan New Yorkdagi mehmonxona xodimasini jinsiy zo‘rlashga urinishda ayblanadi.

Ammo janob Kann o‘ziga qo‘yilayotgan jinoiy ayblovlarni qat‘iyan rad etib kelmoqda.