Iyun qirg‘inida boshpanasiz qolganlarga doimiy uy-joylar tiklanadi

Daniya Qochqinlar Kengashi o‘tgan iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli etnik nizolar sabab boshpanasiz qolgan katta sondagi jabrdiydalarga doimiy turar-joylar qurib bermoqchi.

Bu haqda kengashning rasmiy veb sahifasida e‘lon qilingan.

Unda aytilishicha, yangi loyiha ortga qaytgan qirg‘izistonlik o‘zbek qochqinlarining hayotlarini tiklash yo‘lida olib borilayotgan xalqaro sa‘y-harakatlarning bir qismidir.

O‘zbek qochqinlari Qirg‘iziston janubidagi qishloqlariga qaytishganda, uylari yonib kul bo‘lgan va ko‘chalari huvillab yotgandi. O‘tgan iyun oyidagi milliy nizolar sabab o‘z uy-joylarini tashlab chiqqan aksariyat qochqinlar esa, O‘shga qaytishdi. Hozir ularning vayron bo‘lgan hovlilarini tiklab berish uchun keng ko‘lamli loyihaga qo‘l urildi, deyiladi tashkilot tarqatgan xabarda.

Daniya Qochqinlar Kengashi ushbu loyihani ACTED insonparvarlik yordam tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirish niyatida ekanini aytadi.

Xalqaro tashkilot muvofiqlashtiruvchisiga ko‘ra, bu mislsiz loyihadir.

"Biz qisqa vaqt ichida qirg‘izistonlik o‘zbeklar uchun muvaqqat uy-joy tiklashga muvaffaq bo‘ldik. Endi esa, o‘z sa‘y-harakatlarimizni doimiy turar-joylar qurib berishga yo‘naltirmoqchimiz," deydi Yohannesen xonim.

O‘n ming kishi doimiy boshpanalik bo‘ladi

O‘zek qochqinlari uchun doimiy boshpana tiklashga qaratilgan loyiha Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan moliyalangan va Qirg‘iz hukumatining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Kengashga ko‘ra, qurilishi rejalanayotgan 1.600 dan ortiq yangi uy-joylar orqasidan 10.000 kishi doimiy boshpanalik bo‘lib qoladi.

Qirg‘iziston janubidagi mahalliy o‘zbeklar va qirg‘izlar orasida kelib chiqqan milliy nizolardan rasman besh yuzga yaqin kishining qurbon bo‘lgani aytiladi.

Yuz bergan qonli to‘qnashuvlar sabab esa, 350.000 dan ortiq kishi o‘z turar-joylarini talab chiqishga majbur bo‘lishgandi.

Minglab uy-joylar, binolar va tijoratlarga vayron etilgandi.

Nizolardan qisqa vaqt o‘tmay, kengash qochqinlarni boshpana bilan ta‘minlashga qaratilgan loyihaning qisman ijrosiga kirishgan, bu esa, ularning xavfsiz ortga qaytishlari va vaqtinchalik uy-joy bilan ta‘minlanishlariga zamin yaratgandi.

Yangi loyihaga qo‘shimcha o‘laroq, Daniya Qochqinlar Kengashi UNHCR ko‘magi bilan jabrdiydalarga qurilish ishlariga ruxsat olish, yer va mol-mulkka egalik masalalarida ham huquqiy jihatdan yordam berishni ko‘zlayotir.

Xalqaro tashkilot hovli-joylar ortga qaytgan qochqinlarning shaxsiy mol-mulklari bo‘lib qolishini ta‘minlash - loyihaning muhim bir qismi ekanini aytadi.

O‘sh viloyati seysmik hududda joylashgani bois, yangi turar-joylar mahalliy an‘analarga muvofiq, ammo zilzilabardosh qilib quriladi, deydi kengash.

Ikki mingga yaqin uy-joyning joriy yil ichida qurib, bitkazilishi rejalangan.